
Buxoro hunarmandlik va savdo taraqqiy etgan shaharlardan biri sifatida tilga olinadi. Ayniqsa, buxorolik hunarmandlar tayyorlagan matolar moʻgʻullar davridayoq mashhur boʻlgan. Rashididdin yozib qoldirgan ma'lumotlarning birida Buxorodan uch savdogarning Xitoy tomon yoʻlga chiqishi, bu vaqtda Chingizxon Shimoliy Xitoyni istilo qilish bilan band boʻlgani va savdogarlarning Chingizxon bilan uchrashgani, savdogarlarning Xitoyga olib borayotgan mahsulotlari orasida zarboft, zandanicha, karpas kabi matolar boʻlgan.
Chingizxon buxorolik savdogarlar mahsulotini koʻrib, garchi ularning qiymati 10-20 dinor atrofida boʻlsa-da, zarboftning bir boʻlagiga bir bolish oltin bergan. Zandanicha, karpas matosining bir boʻlagiga esa bir bolish kumush toʻlanishini buyurgan. Afsuski, moʻgʻullar istilosi va undan keyingi oʻzaro kurashlarda Buxoroda hunarmandlikning koʻp turlari yoʻqolib borgan. Bu zandanicha matoning tarixiy tuzum oʻpqonlariga ilk toʻsiqqa uchragan davri boʻlgan. Shunga qaramasdan, u bu dovondan eson-omon oʻtgan.
Ma'lumot oʻrnida: Zandanicha - bu Buxoroda toʻqilgan mashhur matolardanbiri boʻlib, uning nomi «zandani» soʻzidan kelib chiqqan. «Zandani» soʻzi, aslida, turma yoki mahbuslarni anglatadi. Afsonaga koʻra, bu mato dastlab, qamoqxonadagi mahbuslar tomonidan toʻqilgan boʻlishi mumkin. Biroq, boshqa manbaalarda «zandanicha» atamasi Buxoroning ipakchilik sanoati bilan bogʻliq.

Bu mato oʻziga xos an'anaviy naqsh va toʻqimachilik usuli bilan ajralib turadi. Mato qoʻlda toʻqiladi, va asosan, ipak yoki ipak va paxta aralashmasi ishlatiladi. Yorqin ranglar iborat boʻlib, koʻpincha gulli yoki geometrik naqshlarga ega boʻlib, undan qadimda amirlar, saroy ahli va boy savdogarlar liboslari uchun foydalanilgan.
Sovet davrida esa zandanicha mato keyingi toʻsiq bosqichini boshidan kechirgan. Bu davrda ipakchilik va toʻqimachilik sanoati fabrikalashtirilgan va zandanicha kabi an'anaviy matolar ishlab chiqarish qisman kamaygan. Biroq, zandanicha mato ishlab chiqarishning hali-haligacha saqlanib kelinayotgani kishini quvontiradi. Bugungi kunda esa zandanicha milliy kiyimlar, uy bezaklari, milliy sehuvinerlar tayyorlashda ham keng foydalanilmoqda.
Bu mato ilk bora Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi Zandani qishlogʻi hunarmandlari tomonidan yaratilgan. Tuman markazidan 12 kilometr uzoq masofada joylashgan ushbu qishloq uzoq tarixi, tabiati va azal urf-odatlari bilan viloyatning boshqa koʻhna qishloqlaridan ajralib turadi. Tumandagi «Zandani» mahalla fuqarolar yigʻini hududiga kiruvchi, ekin maydonlari Qizilqum sahrosiga tutashib ketgan Zandani qishlogʻida hozirda salkam 800 nafar aholi istiqomat qiladi.
Qadimda ushbu qishloq tepaliklardan iborat boʻlib, undan qoʻrgʻon sifatida foydalanib kelishgan. Hozirgacha bu tepaliklarning bir qismi saqlab qolingan va shundan Zandani qishlogʻi tarixi moziyning teran va koʻhna ildizlariga bogʻliq.

Tarixda «Zandani» atamasi ilk bor Abu Bakr Muhammad ibn Jafar Narshaxiyning milodiy 943-944 (hijriy 332) yillarda yozilgan «Buxoro tarixi» asarida tilga olingan. Bu qishloqda katta qal'a, jome' masjidi va bozorlar boʻlgan. Zandonada ilk oʻrta asrlarda toʻqilgan boʻz zandonachi, ya'ni «Zandona qishlogʻidan chiqadigan» gazlama deb atalgan. Buxoroning koʻplab qishloqlarida, masalan: Vardonze, Iskajkat, Romitan va Afshonada toʻqib chiqarilgan bunday gazlamalar ham shunday nomlanib, oʻrta asrlarda Hindiston, Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Evropa davlatlariga olib chiqilgan.
Qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha Buxoro viloyati koordinatori Shohruh Amonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, toʻqimachilik tsivilizatsiyasiga beshik boʻlgan Zandani qishlogʻi Buxoroning yangi turistik manzillaridan biriga aylangan. Uning aytishicha, zandanachi gazlamasining shuhrati soʻnggi oʻrta asrlarda ham baland boʻlgan. Hukmdorlar va ulugʻ kishilar bu matodan kiyim tiktirganlar va uni kiyishni oʻzlari uchun sharaf hisoblaganlar.
- Hattoki, Amir Temur ham Turonda hokimiyatni egallashdan avval opasi va boshqa yaqinlarini Zandani va Vardonze oʻlkasiga qoldirib, shu matodan oila a'zolariga kiyim tiktirgan ekan. Zandanicha matolari Oʻrta Osiyoning boy bezakli ipak matosi, u Gʻarbda eng keng tarqalgan boʻlib, bir vaqtlar mashhur toʻqimachilik ishlab chiqarish markazi boʻlgan. Tarixda yozilishicha, Buxoro yaqinidagi ushbu qishloqda ishlab chiqarilgan matolar avj olib, keyinchalik mamlakat boʻylab ham tarqala boshlagan. Zandaniychi mato ishlab chiqaruvchi markazlar koʻpaygan. Shunday boʻlsa-da, boshqa joylarda ham uning asl nomi saqlanib qolavergan,-deydi Shohruh Amonov.
Ma'lum boʻlishicha, bu mato Hindiston va Iroqqa yuborilgan, chunki u oʻta pishiqligi, harir va goʻzalligi bilan oʻsha davr zodagon tabaqalari tomonidan yuqori baholangan. Hatto Evropa qirolichalari ham Zandaniychi matosidan koʻylak kiyishni yaxshi koʻrganlar. Ular uchun maxsus qimmatbaho mato etkazib turilgan. Arab xalifasi ma'murlarining esa soliqlarni pul bilan emas, mashhur Zandana matosi va va gilam bilan olishgani ham tarixiy haqiqatlardan.
- Aslida ipakning vatani Xitoy boʻlsa ham Zandanichi ipak matolari Gʻarb va Sharqqa sotilishi bilan birga, Xitoyning oʻziga ham tarqalib ketgan. Xususan, parcha, deb nomlanuvchi zandana matosi 718 - 719 yillarda Buxoro shahridan Xitoy imperatoriga yuborilganligi haqida ma'lumotlar bor. VI - VIII asrlarda ishlab chiqarilgan Zandaniychi matolari parchalari Gʻarbiy Evropaning bir nechta muzeylarida bugungi kunda saqlanib qolingan. Belgiyadagi Yun shahri soborida ham saqlanayotgan ushbu noyob ipak mato parchasini oʻrganayotgan san'atshunos olim, frantsuz tadqiqotchisi D.Shepard unda siyohda bitilgan bojxona yozuvi va muhrini topgan va uni oʻqishga muvaffaq boʻlgan,-deya soʻzlab beradi Shohruh Amonov.
Ma'lumot oʻrnida: ushbu parchada soʻgʻd yozuvida boʻlib, matoning uzunligi, hajmi, vaqti haqidagi ma'lumotnoma ekan. Ushbu muhrning oʻqilishi koʻp noaniqliklarga oydinlik kiritgan. D.Shepard Evropaning qator mamlakatlarida saqlanayotgan. Zandaniychi matosini aniqlashga muvaffaq boʻlgan. Va Sharqiy Turkistondagi Dun-Xuan manzili topilmalari orasida ham shunday matolar borligi aniqlangan.

Aytilishicha, zandanachi matosi koʻndalang qatorlarda joylashgan medalonlardan iborat naqshlar bilan bezatilar ekan. Medalonlar oraligʻiga oʻsimlik tasviri tushirilib, boshqa turdagi bezaklar romb, kvadrat, geometrik ifodalangan gullar va hokazolardan iborat boʻlarkan. Frantsuz tadqiqotchisi D.Shepard ushbu matoning tillarang, toʻqsariq, oq, koʻk, qizil va yashil kabi oʻziga xos rangligini ta'kidlaygan.
Suhbatdoshning soʻziga koʻra, zanadanicha matolardan tikilgan kiyimlar Sugʻd, Toxariston va Markaziy Osiyoning boshqa viloyatlaridagi saroy hamda qoʻrgʻonlarning devoriy rasmlarida aks ettirilgan qabul va bayram manzaralarida keng namoyish etilgan.
- Bunday matolar koʻproq milodiy VI - VIII asrlarga taalluqlidir. Jumladan, Afrosiyobda ochilgan devoriy suratlarda ulugʻ zotlar kiyimlari bezaklarining nihoyatda xilma-xilligini koʻrish mumkin. Narshaxiy Buxoroning oʻzida Buxoro qal'asining sharqiy darvozasida joylashgan yirik toʻquv ustaxonasi – «Bait at-Turaz» haqida ta'riflaydi. U erda X-XI-asrlarda xalifalik davrida juda qadrli boʻlgan, ipak emas, balki paxta matolarining oʻziga xos turi – «zandanacha» ishlab chiqarilgan. Arxeologik qazishmalar natijasida Shimoliy Kavkazda ham shunga oʻxshash mato parchalari topilgan,-deydi.
Bildirilishicha, XIV va XVI asrlarda Zandaniychi matosi paxtadan ishlab chiqarilgani uchun ham xaridorgir boʻlgan. Zandaniychi matosi oʻrta asrlarda Gʻarbiy Evropa shaharlarida, shu jumladan Boltiqboʻyi mamlakatida fuqarolar uchun eng arzon, tabiiy va sevimli import matolardan biri hisoblangan.

- Peshku tumanining Zandani qishlogʻi Buxoro amirligi tumanlaridan biri sanalgan. U qishloq 1856 yildan Buxoro amirligi muntazam qoʻshinining ikki ta'minot markazlaridan biri boʻlib xizmat qilgan. Bugungi kunda qadimiy Zandani qishlogʻining qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgargan. Bir vaqtlar mashhur toʻqimachilik ishlab chiqarish markazi boʻlgan Zandani qishlogʻida, mato ishlab chiqarish an'analarini davom ettirish maqsadida zamonaviy tikuv-toʻquv fabrikasi ochilib, hozirgi kunda yuzdan ortiq hudud aholisining bandligi ta'minlangan. Shuningdek, qishloqda sayyohlarni jalb etishda hududning koʻp yillik tarixiy va an'anaviy hunarmandchilik imkoniyatlaridan samarali foydalanildi.
Shu maqsadda Xitoyning Xanchjou shahridagi «Ipak muzeyi» bilan hamkorlikda «Zandani» qishlogʻida zandanicha mato ishlab chiqarish ustaxonasi va muzeyini tashkil qilish hamda Buxoroning madaniy merosini saqlash, ommalashtirish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Hozirda buxorolik hunarmand usto Ahmad Arabov, «SD-Turkman Haly» kompaniyasi rahbari Solmaz Jumayeva, «Buxoro merosi» ilmiy tadqiqot markazi direktori Robert Almeyev hamda Oregon Universitetining Xitoy va Markaziy Osiyo arxitektura tarixi kafedrasi professori Mariachiara Gasparini bilan hamkorlikda xalqaro aloqalarni oʻrnatish ishlarini olib bormoqdamiz. Zandanicha mato ham milliy madaniyatimiz, ham hunarmandchiligimiz ramzlari boʻlib qolaveradi,-deydi Shohruh Amonov.
Ma'lumot oʻrnida: hozirda Zandane qishlogʻining tarixiy koʻrinishi sun'iy intellekt yordamida tiklangan va u tarixiy manbaalar bilan uygʻun kelmoqda.
Bunday say'-harakatlar, nafaqat, tarixiy texnologiyalarni tiklaydi, balki xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, sayyohlarni jalb qiladi va mahalliy aholiga yangi ish oʻrinlarini yaratadi.
Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar