
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida mamlakat xotin-qizlarini tabrikladi. Davlat rahbari nutqi matni prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi:
Assalomu alaykum, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun yurtimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy buyuk ona siymosi, mo‘tabar ayol zotini ulug‘lab, ularning baxt-saodati yo‘lida barchamizni fidokor bo‘lishga da’vat etgani albatta bejiz emas.
Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Bugungi qutlug‘ bayramning fayzli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning ezgu ruhi va mazmunini yanada oshirmoqda.
Muqaddas dinimiz ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, munis qizlarimizga hamisha yaxshilik qilishga, ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga buyuradi.
Mana shunday quvonchli ayyomlar barchangizga muborak bo‘lsin!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash Yangi O‘zbekistonning davlat siyosatida yetakchi o‘ringa qo‘yilmoqda.
Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganlarini minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Masalan, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda.
O‘tgan yili Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi ayol sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qo‘lga kiritgani tariximizda ilgari bo‘lmagan natijadir.
Qizlarimiz madaniyat va san’at sohasida ham O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishmoqda. O‘tgan yili madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda 25 nafar, mamlakat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda esa 71 nafar iste’dodli qizlarimiz g‘olib bo‘lganlari ham shundan dalolat beradi.
Mana shunday ayollarimiz safi kengayishi, qizlarimiz bunyodkor avlod bo‘lib maydonga chiqishi uchun kelgusida ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratib beramiz.
Albatta, bunday keng ko‘lamli ishlarimiz xalqaro miqyosda haqli ravishda e’tirof etilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Bir haqiqatni barchamiz yaxshi tushunib olishimiz zarur. Ayollarning tashvish va mashaqqati ham, zimmasidagi mas’uliyati ham erkaklarga nisbatan ancha yuqori.
Uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy himoya sohasidagi ishlarni tubdan yangicha tashkil etmoqdamiz. Bu borada har bir mahallada xotin-qizlarning holati o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 1 million nafar xotin-qizlarimiz “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Joriy yilda ularning har biri bilan manzilli ishlab, nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 ming nafar ayolning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli va ish izlayotgan opa-singillarimiz ishga joylashtiriladi.
Shuningdek, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi. Ularga psixologik yordam ko‘rsatilib, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladi.
Xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sog‘lom va qudratli jamiyat poydevoridir.
Shu maqsadda yurtimizdagi 230 ta tug‘ruq muassasasi 21 mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkaziladi.
Ayollar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport ommalashib borayotgani jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga katta turtki bermoqda. Shu bois, bu yil barcha mahallalardagi 4 million xotin-qiz ommaviy sport musobaqalariga jalb qilinadi.
Biz bir muhim haqiqatni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz zarur. Ayollar sog‘lom bo‘lsa – oila mustahkam bo‘ladi, ularda ma’naviy muhit, ishchanlik kayfiyati yuksaladi, kelajakka ishonch ortadi.
Bugungi kunda yurtimizda 40 mingta ana shunday oila barchaga namuna bo‘layotgani, o‘tgan yili ularning 208 tasi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani barchamizni xursand qiladi.
Birgina misol. Toshloq tumanidagi Qo‘ziboyevlar oilasi 45 yil davomida barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Oila bekasi Muqaddamxon opa umrining 35 yilini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishlagan. U kishi turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda fermer xo‘jaligi ham tashkil etib, tumandagi ellikka yaqin oilani daromadli qilgan.
Yana bir jihatiga e’tibor beringlar. Bu oila 30 dan ortiq ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashmoqda.
Mahallalarda barkamol avlodni voyaga yetkazish va kambag‘allikka qarshi kurashishda bizga mana shunday ibratli oilalar yelkadosh bo‘lib kelayotgani har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.
Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekiston timsoli bo‘lgan ana shunday ibratli oilalarga chin dildan samimiy tashakkurlarimni bildiraman.
Bunday oilalar qancha ko‘paysa, Vatanimiz shuncha kuchli, xalqimiz shuncha qudratli bo‘ladi! Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos bo‘ladi.
Aziz opa-singillar!
Barchangizga yaxshi ma’lum, keyingi yillarda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Men bir fikrni takror va takror aytishdan sira ham charchamayman.
Bitta qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi.
Yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada e’tirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi.
Masalan, taniqli mikrobiolog olimamiz Dilfuza Egamberdiyeva sho‘rlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNЕSKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq albatta baxtli bo‘ladi.
Shu bois, har bir oiladagi qizlarimiz bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Xususan, bu yil 250 ming nafar qizimiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Natijada har bir mahalladan 25-30 nafar xotin-qiz oliygohlarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.
Buning uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova har bir maktabda yuqori sinfda ta’lim olayotgan qizlarimiz bilan ishlashni individual yondashuv asosida tashkil etib, ularni oliygohlarga tayyorlaydi.
Bu yil sharoiti og‘ir oilalardagi iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha “Yorqin kelajak” loyihasini boshlayapmiz. Ushbu loyiha doirasida kamida 200 nafar qizimiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov tizimi esa yana 250 ming nafar xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun mas’ul bo‘ladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz xalqimizning roziligini, avvalo, sizlarning roziligingiz, deb tushunamiz.
Bu borada ayollarimizni bezovta qilayotgan eng katta masala, bu – ishsizlik. Shu bois, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha katta dasturlarni amalga oshiryapmiz. O‘tgan yilning o‘zida bu maqsadlarga 17 trillion so‘m kredit ajratildi. Ana shunday e’tibor tufayli ayol tadbirkorlarimiz o‘tgan yili 81 trillion so‘mlik mahsulot yaratib, 450 million dollarlik eksportni amalga oshirgani albatta tahsinga sazovordir.
Masalan, Navoiy shahrida qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Shahnoza Karimova 50 nafar ehtiyojmand xotin-qizni o‘qitib, ishga olgan. Shulardan 10 nafariga uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘lab bergan.
Eng muhimi, bunday saxovatpesha tadbirkor ayollar barcha hududlarimizda ko‘plab topiladi. Ular “Men – bunyodkor ayolman” degan loyihani ilgari surib, mahallalarda minglab ayollarni kasb-hunarga o‘qitib, daromadli qilish tashabbusini bildirgani, to‘g‘risi, meni juda ruhlantirdi.
Men o‘ziga katta ijtimoiy mas’uliyat olgan mana shunday ishbilarmon xotin-qizlarni “Yangi O‘zbekistonning bunyodkor ayollari” deb bilaman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman. Ularga qanday qo‘shimcha sharoit va yengilliklar kerak bo‘lsa, yaratib berishga tayyorman.
Shu boradagi amaliy qadam sifatida Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etsak, nima deysizlar?
Ushbu kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri parlament oldiga masala qo‘ysa, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladi.
Bu yil 2 million nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1 million 300 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha katta marralar olganmiz. Buning uchun tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi.
Misol uchun, “Milliy bank” (A.Mirsoatov) xizmatlar sohasida kamida 200 ming nafar xotin-qizning loyihalariga ko‘maklashadi. “Turonbank” ATB (Ch.Mirzayev) limonchilikda 150 ming nafar ayollar daromad topishi uchun arzon kreditlar taqdim etadi.
Xuddi shuningdek, “Mikrokreditbank” ATB (O.Bo‘tayev) parrandachilikda – 160 ming nafar, “Sanoat qurilish bank” ATB (A.Akbarjonov) sabzavot va ko‘chatlar yetishtirishda – 160 ming, “Xalq banki” (Sh.Otaboyev) uzum, brokkoli va mahalliy karam yetishtirishda – 150 ming, “Agrobank” (E.Qahhorov) bog‘dorchilik yo‘nalishida – 144 ming, “Biznesni rivojlantirish banki” (S.Annaqlichev) ko‘kat, bulg‘or qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirishda – 94 ming, “Asakabank” (Q.To‘laganov) farmatsevtika va uzumchilikda – 82 ming, “Aloqabank” (K.Irisbekova) IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirishda 58 ming nafar ayollarimizni band etishga ko‘maklashadi.
Shu maqsadda bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.
O‘tgan yili tashkil etilgan “Hamroh” kompaniyasi yangi tizim asosida Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturini boshlagan edi. Bu loyihaga ham 100 million dollar ajratganmiz.
Kreditini vaqtida to‘lagan ayol tadbirkorlarga ushbu dastur doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit berishni boshlaymiz.
Shuningdek, mahallada 5 nafar ayolni biznesga olib kirgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratiladi.
Markaziy bank (T.Ishmetov) tijorat banklari bilan birga ikki oy muddatda banklarda xotin-qizlar uchun yangicha yondashuv asosida moliyaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul bo‘ladi.
Masalan, tug‘ruq ta’tiliga chiqqan ayollar uchun bank kreditlari bo‘yicha to‘lovlar muddati 10 oygacha uzaytiriladi.
Endi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha 4 bosqichli yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz.
Birinchi bosqichda biznesga qiziqqan, lekin ko‘nikmasi bo‘lmagan 20 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka o‘qitiladi. Bunga Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov, N.Shotursunova) mas’ul bo‘ladi.
Ikkinchi bosqichda “Xalq banki” (Sh.Otaboyev, G.Rashidova) o‘zini o‘zi band qilgan 100 ming nafar ayolning kichik tadbirkor bo‘lishi uchun ko‘maklashadi.
Uchinchi bosqichda har bir tumanda 2 tadan kichik korxonani namunali o‘rta biznes darajasiga olib chiqishga “Hamroh” kompaniyasi (D.Nurmatova) mas’ul bo‘ladi.
To‘rtinchi bosqichda Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov) eng faol 50 nafar ayol tadbirkorni yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshadigan “chempion tadbirkor”ga aylantiradi.
Joriy yilda 60 ta tumanni “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha katta marra olganmiz. Bunga qo‘shimcha ravishda hokimlar har bir viloyatning 2 tadan tumanini ishsiz ayollar qolmaydigan hududga aylantirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Umuman, 2025 yil ayollar bandligini ta’minlashda hal qiluvchi yil bo‘ladi.
Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligi ta’minlanadi.
Bunda Markaziy bank (T.Ishmetov) tijorat banklari bilan 1 million 300 ming nafar, Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Q.Rafiqov) “Ayollar daftari”ga kiritilgan 636 ming, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (Z.Mahkamova) tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 100 ming nafar xotin-qizni o‘qitib, ish bilan ta’minlash va biznesini ochishga ko‘maklashish uchun mas’ul bo‘ladi.
Z.Mahkamova, Q.Rafiqov bugun aytilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini viloyat, tuman, mahalla darajasida samarali tashkil etishga mas’ul bo‘ladi.
T.Norboyeva mahalliy kengashlar bilan birga bu ishlarni tizimli nazoratga olib, mas’ullar ishtirokida ularni muntazam muhokama qilib boradi.
Muhtarama opa-singillar!
Bugungi kunda hayotimiz, odamlarning turmush tarzi, tafakkuri, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib bormoqda.
Oldimizga barcha soha va yo‘nalishlarda g‘oyat ulug‘vor maqsadlarni qo‘ymoqdamiz.
Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qo‘lida.
Shuning uchun siz, muhtarama ayollarimizga ulkan tahsinlar aytib, sizlarni qo‘llab-quvvatlashdan hech qachon charchamaymiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi bayram munosabati bilan mehnat faoliyati va jamoat ishlarida katta natijalarga erishgan, el-yurtimiz o‘rtasida hurmat va e’tibor topgan muhtarama ayollarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, o‘zining bilimi, iqtidori va odobi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan qizlarimizdan 28 nafari turli sohalardagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar.
Vatanimizning yuksak mukofotlari barchangizga muborak bo‘lsin!
Sizlarni o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, kelgusi ishlaringizda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘linglar!
Qadrli yurtdoshlar!
Muhtarama opa-singillar!
Bugun biz mard va olijanob xalqimizga, uning bunyodkorlik salohiyatiga ishonib, boshlagan ulkan islohotlarimizni qat’iy davom ettirishimiz, yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim.
Jonajon Vatanimizning yangi yuksalish davrini barpo etishda aziz ayollarimiz doimo oldingi safda bo‘ladilar, deb ishonaman.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.
Doimo farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida yurish nasib etsin!

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar