18:22 / 11.03.2025
400

Amaldorlar endi “mahalliy” xizmat avtomobillarida yurishadi

Amaldorlar endi “mahalliy” xizmat avtomobillarida yurishadi
O‘zbekistonda davlat mulozimlari prezident topshirig‘i doirasida xizmat avtomobili sifatida mahalliy korxonalar tomonidan sotiladigan avtomobillardan foydalanishga o‘tmoqda.

Xususan, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz o‘rniga Chevrolet Malibu'dan foydalana boshlagan. Buni hukumat rahbarining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Aripov 7 mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan. Amaldorlarning bu qoidani bir necha haftadan keyin joriy qilish haqidagi taklifini bosh vazir rad etgani aytilmoqda.

“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20 martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, – deya Aripovning selektordagi so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.

Bekzod Hidoyatovga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarlari ham Malibu'dan foydalanishga o‘tgan. Viloyatlar hokimlariga esa endilikda Tahoe, Traverse kabi avtomobillar xizmat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham Tahoe'da yuribdi.

Amaldorlar avval foydalangan “inomarka”lar E-auksion platformasi orqali sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kungi selektorda davlat idoralarida xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat