20:01 / 28.03.2025
518

Ruxsatnomasiz «tonirovka» uchun belgilangan jarima miqdori kamaytiriladimi?

Ruxsatnomasiz «tonirovka» uchun belgilangan jarima miqdori kamaytiriladimi?
Ichki ishlar vazirligi «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 126-1-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, haydovchilar oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzib, transport vositalaridan foydalangani uchun BHMning 1 baravari miqdorida (375 ming so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.

Hozirda tegishli ruxsatnomasiz ko‘zgusimon va tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydanish BHMning 25 baravari (9 mln 375 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanishiga sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasi muhokamasi 11 aprelga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyul oyida Strategik islohotlar agentligi ma’muriy jarimalar miqdorining sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirishga chaqirgan edi. Agentlik, xususan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarta tutilgan jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ma’lum qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat