date 18:38 / 06.04.2025
views 612

Toshkentda haydovchi YPX xodimini “kapot” ustida sudrab ketdi (video)

Toshkentda haydovchi YPX xodimini “kapot” ustida sudrab ketdi (video)
Toshkent shahrida 5 aprel kuni yuqori tezlikda harakatlangan Malibu haydovchisi YPX xodimini “kapot” ustida sudrab ketdi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda YHXB xabar berdi.

Hodisa Mirobod tumani Nukus—A.Qahhor ko‘chalari kesishgan chorrahada yuz bergan. Haydovchi davlat raqam belgilari o‘zboshimchalik bilan yechilgan, maxsus antenna va “sirena” moslamasi o‘rnatilgan Malibu-2 rusumli avtomobilda yuqori tezlikda harakatlangan. U o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Bundan tashqari, bir necha marotaba YPX xodimlarining to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan. Haydovchi kichik serjant yaqinlashayotganini ko‘rib tursa-da, to‘xtamay uni avtomobili bilan turtib yuborgan. Shundan so‘ng Nukus ko‘chasi bo‘ylab “kapot” ustida sudrab ketgan.

YPX xodimiga olgan tan jarohati bo‘yicha shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mashina boshqaruvida bo‘lgan fuqaro o‘zining ishsiz ekani, transport vositasini ijaraga olganini ma’lum qilgan. «Yoshlik qildim, [YPX xodimi] kapotdan tushib qoladi deb o‘yladim», — deydi haydovchi.

Holat yuzasidan Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga amal qilish so‘raladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat