date
views 56

«Adolat» SDP deputatlari noqonuniy avtoijaraga qarshi murojaat qildi

«Adolat» SDP deputatlari noqonuniy avtoijaraga qarshi murojaat qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish faoliyatining noqonuniy ravishda amalga oshirilayotganidan xavotir bildirar ekan, Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga deputatlik so‘rovi yubordi.

Fraksiya a’zosi Dilmurod Ismoilov tomonidan taqdim etilgan so‘rovda ayrim «tadbirkorlar» o‘z moddiy manfaatlari yo‘lida inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solib, qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarni inobatga olmayotgani alohida ta’kidlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish faoliyati bilan faqat maxsus tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin. Shu bilan birga, ijara oluvchilar albatta tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishlari shart.

Biroq, amalda ushbu talablarga har doim ham amal qilinmayapti. Buning yorqin misoli sifatida so‘nggi paytlarda Namangan viloyatida yuz bergan achinarli voqealar keltirilgan.

Ma’lum qilinishicha, ayrim telegram guruhlari orqali noqonuniy ravishda, hatto transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan va yoshi voyaga yetmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda.

Bu kabi holatlar jiddiy yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Xususan, 2024 yilning 2 oktyabrida Namangan shahrida noqonuniy ijaraga berilgan Gentra avtomashinasi ishtirokidagi mudhish avtohalokat natijasida uch nafar o‘smir hayotdan ko‘z yumgan.

Shu munosabat bilan, deputatlar Transport vaziri Ilhom Maxkamov va Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga quyidagi savollarni yo‘llagan:

— Noqonuniy ravishda qisqa muddatli ijara faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qaysi choralar qo‘llanilmoqda?

— Bunday huquqbuzarliklarning oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?

— Ushbu masala bo‘yicha vazirlarning shaxsiy qarashi va munosabati qanday?

Deputatlar ushbu savollarga vazirliklardan javob kutishmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Adolat» SDP deputatlari noqonuniy avtoijaraga qarshi murojaat qildi