date
views 83

UzAuto Motors Malibu-2 avtomobillari haqida tarqalgan xabarlarni inkor etdi

UzAuto Motors Malibu-2 avtomobillari haqida tarqalgan xabarlarni inkor etdi
UzAuto Motors ijtimoiy tarmoqlarda Malibu-2 avtomobillari partiyasi Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarib yuborilgani haqida tarqalgan xabarlarga rasman raddiya berdi.

Bundan avval ijtimoiy tarmoqlarda yangi Malibu-2 avtomobillari avtovozlarga yuklanib kelayotgan videolavha paydo bo‘lgan edi. Video muallifi bu mashinalar go‘yoki Qozog‘istondan qaytarilib, O‘zbekistonga olib kelinayotganini ta’kidlagan.

Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, videoda ko‘ringan Malibu-2 avtomobillari haqiqatan ham yangi, ammo ular Xitoydan Qozog‘iston hududi orqali tranzit holda O‘zbekistonga olib kelinmoqda. Kompaniya bu jarayon xalqaro va milliy qonunchilikda belgilangan barcha tartib va qoidalarga qat’iy amal qilgan holda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

UzAuto Motors, shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz xabarlarni tarqatmaslik va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘radi.

Ma’lumot uchun, Chevrolet brendining Equinox, Malibu, Traverse hamda Tahoe rusumli avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi va ushbu mashinalar UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan xorijdan import qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida davlat tashkilotlarida xizmat avtomobillaridan foydalanishni keskin qisqartirish va milliy avtomobillarga o‘tish zarurligini ta’kidlagan edi. Prezidentning topshirig‘idan so‘ng, Bosh vazir Abdulla Aripov o‘zining xizmat avtomobilini Mercedes-Benz rusumidan Chevrolet Malibu'ga o‘zgartirgani, viloyat hokimlari esa UzAuto Motors'ning mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillariga o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » UzAuto Motors Malibu-2 avtomobillari haqida tarqalgan xabarlarni inkor etdi