date
views 0

Payariq hokimining ta’qibi ortidan qamalgan tadbirkorni Oliy sud ozod qildi

Payariq hokimining ta’qibi ortidan qamalgan tadbirkorni Oliy sud ozod qildi
Foto: Kun.uz
Samarqand viloyati Payariq tumanida tadbirkorning mulki sudning hal qiluv qarori kuchga kirmasdan ichidagi texnikalari bilan birga buzib tashlangangi to‘g‘risida xabar berilgandi. Tuman hokimi, prokurori va boshqa mas’ullar manzilga borishgan, avtogreyderni binoga tirab qo‘ygan, hokim haydovchiga “Bos! Tozala!” deya topshiriq bergan. Fuqaroga binodagi texnikalarini olib chiqish imkoniyat ham berilmagan, o‘z mulkini himoya qilishga qaratilgan harakatlari uchun huquqbuzarga chiqarilib, 10 sutkaga qamab qo‘yilgan.

Ushbu holatda oilaning yana uch a’zosi ham jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2025 yil 23 apreldagi qaroriga asosan MJtKning 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ayblanib, 750 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha jarimaga tortilgan.

Apellyatsiya tartibida kiritilgan shikoyat Samarqand viloyat sudida ko‘rib chiqilib, 25 apreldagi qaror bilan qanoatlantirilmasdan qoldirilgan edi.

Mazkur ish 1 may kuni Oliy sudda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqildi va quyi sudlarning qarorlari o‘zgartirildi.

Jumladan, Islom Qobilovning harakatlarida MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud emasligi sababli MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan (ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q bo‘lsa) ish yuritishdan tugatildi.

Unga MJtK 194-moddasining 1-qismi bilan tayinlangan 1 mln 875 ming so‘m jarima jazosi o‘zgartirilib, 750 ming so‘m jarima jazosiga, MJtK 61-2-moddasining 1-qismi bilan tayinlangan 1 mln 125 ming so‘m jarima jazosi 375 ming so‘m jarima jazosiga keltirildi. Islom Qobilovga MJtKning 34-moddasi tartibida 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlanib, darhol qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, Oliy sud qarori bilan Qobilovning otasi Toshpo‘lat Qobilovga tayinlangan 1 mln 875 ming so‘m, ayoli Go‘zal O‘rolovaga tayinlangan 750 ming va ukasi Bahrom Raimovga tayinlangan 1 mln 125 ming so‘m ma’muriy jarimalar kamaytirilib, har biriga 375 ming so‘mdan jarima qo‘llanilishi belgilandi.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, darhol qamoqdan ozod etilishi nazarda tutilgan Oliy sud qarori va uni yo‘naltiruvchi xat 1 may kuni soat 20:35 da Samarqand viloyat IIB Maxsus qabulxonasiga yuborilgan bo‘lishiga qaramay, soat 23:20 holatiga (xatda muhr yo‘qligi bahonasi bilan) Islom Qobilov ozod etilmay, ushlab o‘tirilgani aytilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Payariq hokimining ta’qibi ortidan qamalgan tadbirkorni Oliy sud ozod qildi