
O‘zbekiston fuqarolari uchun chet eldagi sayohatlar tobora ommalashib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yilning yanvar–mart oylarida o‘zbekistonliklar tomonidan amalga oshirilgan turistik chiqishlar bo‘yicha rasmiy maʼlumotni eʼlon qildi. Unga ko‘ra, ushbu uch oylik davrda 1,5 million nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xorijga turistik maqsadlarda safar qilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 256,5 ming nafarga yoki 20,3 foizga oshgan. Statistika fuqarolarning xalqaro turizmga bo‘lgan qiziqishi izchil ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Qo‘mitaning taʼkidlashicha, sayohatlar geografiyasi kengaymoqda, ammo o‘rta osiyo davlatlari hamon eng ommabop yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Yanvar–mart oylarida O‘zbekiston fuqarolarining eng ko‘p safar qilgan davlatlari ro‘yxati quyidagicha shakllangan:
- Qirg‘iziston – 631 240 nafar;
- Tojikiston – 281 539 nafar;
- Qozog‘iston – 240 644 nafar;
- Saudiya Arabistoni – 112 274 nafar;
- Rossiya – 69 065 nafar;
- Turkiya – 46 566 nafar;
- BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) – 44 796 nafar;
- Misr – 16 689 nafar;
- Tailand – 13 456 nafar;
- Vyetnam – 9 574 nafar;
- Boshqa davlatlar – 53 704 nafar.
Ko‘rinib turibdiki, hududiy yaqinlik, til va madaniyatdagi o‘xshashliklar Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonga sayohatlarning yuqori darajada bo‘lishiga asosiy omil bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoniga safarlar soni ham yuqori — bu esa asosan umra ziyorati bilan bog‘liq bo‘lsa, BAA, Turkiya, Tailand va Vyetnamga sayohatlar asosan dam olish va tijorat maqsadlarida amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Aytish kerakki, global iqtisodiy va turizm tendensiyalarini inobatga olgan holda, yaqin yillarda Yevropa va Osiyo davlatlariga bo‘lgan qiziqish ham oshishi kutilmoqda.
Mamlakat fuqarolarining faol turizmga qiziqishi — jamiyatda yashash darajasi oshib borayotgani va dunyoqarash kengayayotganining yorqin ko‘rsatkichi sanaladi. Turizmni rivojlantirish, sayohatni yengillashtiruvchi xizmatlar va aviaqatnovlar soni ko‘payishi bilan bunday ko‘rsatkichlar yana-da o‘sishi tabiiy.
O‘zbekiston FuqarolariChet Elga SayohatTuristik ChiqishlarSayohat GeografiyasiO‘rta OsiyoXalqaro Turizm O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar