date
views 83

O‘zbekiston va Rossiya harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini imzoladi

O‘zbekiston va Rossiya harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini imzoladi
Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov va O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov o‘zaro uchrashuv o‘tkazib, ikki davlat o‘rtasida harbiy sohadagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishdilar. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Interfax agentligi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha rejani imzolashdi.

Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov rossiyalik hamkasbiga Moskvada bo‘lib o‘tgan harbiy paradda qatnashgan o‘zbekistonlik harbiy kontingentning yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rishi uchun yaratilgan barcha zarur sharoitlar va ko‘rsatilgan e’tibor uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

O‘z navbatida, Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov ham O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi olib borilgan kurashdagi o‘rnini, jumladan, sovet armiyasi bo‘linmalarini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash va harbiy-texnik ko‘mak ko‘rsatishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.

Imzolangan ushbu dastur ikki davlatning harbiy va mudofaa sohasidagi munosabatlarini yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qilishi, shu bilan birga mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Rossiya harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini imzoladi