
13 may kuni Termiz xalqaro savdo markazida O‘zbekiston va Afg‘oniston rasmiy delegatsiyalari o‘rtasida yuqori darajadagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘oniston Bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose va Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo boshchiligidagi rasmiylar ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi mavjud ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, transport yo‘laklari rivoji, shuningdek, gumanitar va madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikdagi mavjud imkoniyatlarni maksimal darajada ishga solish va kelgusi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ramzi sifatida Afg‘oniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasining qurilishi uchun maxsus ajratilgan 16 ta yuk mashinasida Hirotning mashhur oq marmari O‘zbekiston tomoniga topshirildi. O‘zining yuqori sifati va betakror ko‘rinishi bilan dunyoda mashhur bo‘lgan ushbu marmar Imom Buxoriy majmuasining qurilish jarayonida asosiy bezaklardan biri sifatida ishlatiladi.
Rasmiy delegatsiyalar ushbu voqeani ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yana bir mustahkamlashuvi sifatida e’tirof etishdi. Tomonlar kelgusida ham shu kabi o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalarda yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yanada barqaror va samarali shaklda rivojlanishiga xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar