
O‘zbekistonda noqonuniy ravishda hayvon go‘shtlarini tashish bilan bog‘liq yana bir jiddiy holat aniqlandi. Bu haqda Milliy telekanalning «Millar» dasturi xabar tarqatgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo viloyati hududida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Qarshi—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan transport vositasining holislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvi davomida, mashinaning yukxona qismida shubhali ko‘rinadigan ko‘p miqdorda go‘sht mahsulotlari borligi aniqlangan.

Haydovchi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida u ushbu go‘sht mahsulotlari unga tegishli emasligini, faqatgina boshqa shaxslarning iltimosiga binoan aytilgan manzilga yetkazib berish uchun harakatlanayotganini bildirgan.
Ammo Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l-transport xizmati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimi go‘shtlarni tekshiruvdan o‘tkazish uchun Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi laboratoriyasiga yuborgan. Laboratoriya tekshiruvlari yakuniga ko‘ra, ushbu go‘sht mahsulotlari eshak go‘shti ekani rasman tasdiqlangan va uning umumiy og‘irligi 361 kilogramm ekani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha Sirdaryo tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov organlari qonun buzilishining asl sabablari va go‘shtlarning kelib chiqish manbalarini aniqlash maqsadida keng qamrovli tekshiruv o‘tkazmoqda.
Ma’lumki, bunday noqonuniy holatlar aholining sog‘lig‘iga jiddiy xavf solishi mumkin. Shu boisdan ham tegishli idoralar tomonidan bu kabi harakatlarga qarshi keskin chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Bu voqea nafaqat Sirdaryo viloyati aholisi, balki butun mamlakat fuqarolarining diqqat-e’tiborini tortib, go‘sht mahsulotlarining sifatini nazorat qilish masalasi yana bir bor kun tartibiga chiqdi. Yuzaga kelgan vaziyat mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarning yanada kuchaytirilishi lozimligini ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing