date
views 269

Farg‘onada “Hizb ut-Tahrir”ning yashirin guruhi fosh etildi

Farg‘onada “Hizb ut-Tahrir”ning yashirin guruhi fosh etildi
Farg‘ona viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida olib borilgan maqsadli tezkor tadbir natijasida, mamlakat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid tug‘diradigan yana bir ekstremistik guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi va avval ham diniy ekstremistik faoliyati uchun sudlangan shaxs, 1965-1971 yillar oralig‘ida tug‘ilgan to‘rt nafar hamfiqrini o‘z atrofiga to‘plab, “Hizb ut-Tahrir” nomli diniy-ekstremistik tashkilot g‘oyalarini yashirincha tarqatib kelgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-2019 yillar mobaynida Jinoyat kodeksining 159-, 244-1 va 244-2-moddalari asosida ozodlikdan mahrum qilingan ushbu shaxs, jazoni o‘tab chiqqanidan keyin ham aqidaparastlikdan voz kechmagan. U, hamda guruh a’zolari so‘nggi ikki yilda Qo‘qon shahridagi turli choyxona va oshxonalarda doimiy yig‘ilishlar o‘tkazib, ekstremistik tashkilotning manfur g‘oyalarini targ‘ib qilgan, “Hizb ut-Tahrir” nashrlarini o‘qib, xalifalik tuzumini tiklash fikrini ilgari surgan.

Shu bilan birga, tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, ushbu guruh a’zolari “Telegram” messenjeridagi yopiq kanallar orqali tashkilotning taqiqlangan materiallari bilan muntazam tanishib, g‘oyaviy ishonchlarini mustahkamlab borishgan.

Guruhning yana bir a’zosi oldingi yillarda ekstremistik faoliyati uchun 23 yil qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lib, faqatgina 2024 yil aprel oyida erkinlikka chiqqan. Yana bir hamtorasining firibgarlik jinoyati uchun ham sudlangani ma’lum qilindi. Bu esa, jamiyat uchun bu kabi guruhlar qanday xavfli ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159- (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz), 244-1 (Diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm yoki boshqa taqiqlangan oqimlar faoliyatini tashkil etish) va 244-2 (Taqiqlangan materiallarni saqlash va tarqatish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi profilaktik tadbirlar jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, yoshlar orasida radikal g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada “Hizb ut-Tahrir”ning yashirin guruhi fosh etildi