
Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan tezkor tadbir natijasida jamoatchilikni larzaga soluvchi holat fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan operatsiya davomida Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari pora olgan paytda qo‘lga olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hokimi o‘rinbosari mahalliy fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirib, uning 2025 yilgi 300 kilogrammlik pilla topshirish rejasini yopib berish evaziga 21 million so‘m pora talab qilgan. U jinoyatni amalga oshirishning birinchi bosqichida — 7 million so‘mni shaxsan o‘z xizmat xonasida olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora olishga suiqasd) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari jadal sur’atda davom ettirilmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi holatlar davlat boshqaruvi organlari sha’niga dog‘ tushiradi va qonuniy choralar keskin bo‘lishi shart.
Korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, jamiyatda adolat va shaffoflikni ta’minlash — ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar