
O‘zbek milliy oshxonasining noyob namunalaridan biri sanaluvchi, Xorazmga xos bo‘lgan mashhur «Tuxum barak» taomi endi rasman geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga olindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur taom nafaqat o‘ziga xos tayyorlanish jarayoni, balki tarkibi va tarixiy qadriyatlarga asoslangan an’anaviy uslubi bilan ham ajralib turadi. «Tuxum barak» asrlar davomida Xorazm xalqi dasturxonida alohida o‘rin egallab kelmoqda. Uni tayyorlash uchun maxsus chigal xamir, tabiiy mahsulotlar, xususan tuxum, piyoz va turli ko‘katlar ishlatiladi. Har bir bo‘lagida nafaqat mazza, balki xalqning mehnati va mehri ham sezilib turadi.
Geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi «Tuxum barak»ning sifatini ta’minlash, noyobligini saqlash va uni Xorazm brendi sifatida yanada keng targ‘ib etishda muhim huquqiy qadam bo‘ldi. Endi ushbu taom faqat o‘ziga xos hududiy xususiyatlari bilan tan olinishi va himoya qilinishi mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, geografik ko‘rsatkich — bu ma’lum mahsulotning belgilangan hududda tayyorlanishi va u yerning tabiiy va inson omili bilan bog‘liq holda xos sifat va xususiyatlarga ega bo‘lishini tasdiqlovchi intellektual mulk turi hisoblanadi. Bu esa faqatgina sifat belgisi emas, balki milliy g‘urur, tarixiy meros va an’anaviy bilimlarning yuridik muhofazasi hamdir.
Adliya vazirligining mazkur qarori nafaqat Xorazm taomlari, balki O‘zbekistonning gastronomik madaniyatini dunyoga namoyon etishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Endi «Tuxum barak» nainki mazali taom, balki milliy brend, hududning sharafini ifoda etuvchi boy meros sifatida keng ommaga tanishtiriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar