date

Ko‘plab turklar Germaniya fuqaroligi uchun ariza topshirmoqda

Ko‘plab turklar Germaniya fuqaroligi uchun ariza topshirmoqda
So‘nggi yillarda turklarning Germaniya fuqaroligini olish holatlari keskin ortgan. 2024 yilda bu raqam 22 mingdan oshib, avvalgi yilga nisbatan 110 foizga ko‘paygan. Bu holat Germaniyada yashayotgan turklar orasida fuqarolikka bo‘lgan talab va ehtiyojning oshganini ko‘rsatadi. Buning bir necha asosiy sabablari mavjud: byurokratik yengillik, siyosiy va iqtisodiy sabablarga ko‘ra Turkiyadagi hayotdan norozilik hamda ikki fuqarolik huquqining taqdim etilishi.

Birinchi sabab — Germaniyada yashash va ishlashni istaganlar uchun fuqarolik amaliy qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, Alaz Sumer ismli advokat Germaniyaga tahsil olish uchun kelib, bu yerda yashash va ishlashni davom ettirgan. Unga ko‘ra, fuqarolik olish orqali byurokratik muammolardan qutulish mumkin, chunki doimiy yashash ruxsatnomasini olish va yangilash jarayonlari ancha murakkab va vaqt talab etadi.

Ikkinchi sabab — Germaniya pasportining kuchi. Burak Kejeli ismli AyTi mutaxassisi Germaniyada yashab, tilni o‘rganib, ishlashni davom ettirgan va fuqarolik olish orqali siyosiy jarayonlarda ishtirok etish, vizasiz sayohat kabi imkoniyatlarga ega bo‘lganini taʼkidlaydi. 2025 yilgi Global Pasport Indeksiga ko‘ra, Germaniya pasporti bilan 131 davlatga vizasiz kirish mumkin, Turkiya pasporti esa faqat 75 davlatga ruxsat beradi.

Uchinchi sabab — 2024 yildagi fuqarolik qonunidagi islohotlar. Endilikda ikki fuqarolikni saqlab qolish mumkin, bu esa Germaniyada doimiy yashashni istagan, biroq vatani bilan aloqani uzishni xohlamaganlar uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Shu bilan birga, ilgari 8 yillik yashash talabi 5 yilga tushirilgan edi, bu esa ko‘pchilik uchun fuqarolikni tezroq olish imkonini yaratdi.
Ammo Germaniyada o‘zini to‘liq “uy egasi” deb his qilish hamma uchun oson emas. Ko‘plab turklar, jumladan Alaz Sumer va Burak Kejeli, Germaniyada yashashlariga qaramay, o‘zlarini nemis emas, balki hanuz turk deb hisoblashadi. Ular Turkiyani “uy” deb bilishda davom etishadi, oilalari, madaniy aloqalari va hissiy bog‘liqliklari o‘sha yerda qolmoqda.

Germaniyaning Deutsche Welle nashriga ko‘ra, Turkiyada siyosiy erkinliklarning cheklanishi va iqtisodiy inqiroz ham Germaniyaga ko‘chishga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi o‘n yillikda turk lirasi keskin qadrsizlandi. Fuqarolar orasida erkin akademik yoki professional faoliyat yuritish imkoniyati kam degan fikrning paydo bo‘lishi ham mamlakatni tark etishga undovchi omillardan biri bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘plab turklar Germaniya fuqaroligi uchun ariza topshirmoqda