
15 iyul kuni Buxoro viloyatining ekologik nazorati bilan shug‘ullanuvchi inspektorlar uchun keskin va xavfli kechdi. Qariyb sahroda sodir bo‘lgan voqea esa keng jamoatchilik orasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Peshku tumanining Safron cho‘l hududida maxsus reyd tashkil etildi. Unda inspeksiya rahbari boshchiligidagi bir necha ekologik nazoratchilar ishtirok etdi. Reydning asosiy maqsadi – noqonuniy ravishda o‘simliklar, xususan, saksovulni qiruvchi shaxslarni fosh etish va bu faoliyatning oldini olish edi.
Tekshiruv jarayonida inspektorlar Xorazm viloyatidan kelgan, shaxsi noma’lum fuqarolar tomonidan boshqarilayotgan «ZIL» rusumli yuk mashinasiga ko‘zlari tushdi. Undan cho‘lda kesib olingan saksovul o‘simliklari ortilgan bo‘lib, haydovchi qonuniy ruxsatsiz ravishda yuk bilan cho‘lning ichki yo‘llaridan harakatlanayotgan edi.
Ekologlar o‘zlariga biriktirilgan xizmat avtomobilida ushbu yuk mashinasini ta’qib qilishga qaror qilishdi. Qizig‘i shundaki, ta’qib qariyb 110 kilometrgacha davom etdi. Harakat G‘uzor–Buxoro–Nukus A-380 avtomagistrali orqali Xorazm viloyati hududigacha yetib bordi.
Inspeksiya boshlig‘i yo‘lda harakatlanayotgan yuk mashinasini ko‘zdan qochirmaslik maqsadida boshqa inspektorlarni tushirib, kuzatuvni yakka holda davom ettirdi. Ammo Xorazmga tegishli davlat raqamiga ega bo‘lgan «ISUZU» yuk mashinasi yo‘lni to‘sib, voqealar butunlay boshqa tomonga burildi.
Ushbu mashinaning ortidan, qo‘llarida temir armaturalar, bitalar va temir trubalar bilan qurollangan noma’lum shaxslar tushib keldi. Ular nafaqat xizmat avtomobilini yorib tashlashdi, balki inspeksiya rahbarini haqoratlab, salbiy so‘zlar bilan yodga olishdi. Bu bilan ham cheklanmasdan, ular ekologik nazoratchilarni qattiq kaltaklashdi. Bir necha kishi og‘ir jarohat oldi, jumladan, bittasining oyog‘i singani aniqlangan.
Notanish hujumchilar inspektorlarni zo‘rlik bilan «ZIL» yuk mashinasining bortiga yuklagan va o‘zlari bilan olib ketishga uringan. Ammo inspektorlar kutilmagan jasorat ko‘rsatib, harakatdagi yuk mashinasidan o‘zlarini tashlab, qochib ketishga muvaffaq bo‘lishdi.
Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng, jamiyatda noqonuniy saksovul kesuvchilarning jinoiy faoliyati, ularning ortda turgan uyushgan guruhlar va ekologik xavfsizlik bo‘yicha mas’ul idoralar faoliyati yana bir bor muhokama markaziga aylandi. Chunki bu faqatgina inspektorlarga hujum emas, balki butun tizimga qarshi qaratilgan ochiq tahdid sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda, ushbu holat yuzasidan Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov natijalari va aybdorlar aniqlangandan so‘ng jamoatchilikka rasmiy ma’lumot taqdim etilishi kutilmoqda.
Mutaxassislar bu kabi hujumlar nafaqat qonun buzilishi, balki davlat xizmatchilari xavfsizligiga tajovuz sifatida baholanishi kerakligini ta’kidlashmoqda. Chunki har qanday nazorat faoliyati huquqiy doirada kechishi kerak, unga nisbatan tajovuz esa jiddiy javobgarlikni talab etadi.
Mas’ul idoralar esa endigina bu kabi hodisalarning oldini olish, reydlar xavfsizligini kuchaytirish va o‘rmon resurslarini muhofaza qilishni yangi darajaga olib chiqish masalalarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Shu bilan birga, keng jamoatchilikni ham atrof-muhitni muhofaza qilishda faol ishtirok etishga, noqonuniy daraxt kesish holatlarini fosh etishda kumaklashishga chaqirishmoqda. Chunki tabiatning sog‘lomligi – jamiyatning kelajagi demakdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar