O‘zbekistonda biznes va raqamli texnologiyalar sohasida katta voqea sodir bo‘ldi. TBC Bank OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritdi va endi onlayn e’lonlar platformasi bank ekotizimiga integratsiya qilinishi kutilmoqda. Shu bilan birga, OLX brendi o‘z nomi bilan faoliyat yuritishda davom etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sotuvchi tomon — Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group hisoblanadi. Kompaniya izohida ta’kidlanishicha, mazkur kelishuv TBC Uzbekistan uchun yangi mijoz segmentlariga chiqish imkonini beradi. Bu esa mamlakatda eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlardan biri — OLX uz orqali amalga oshiriladi. Ayni paytda platforma oyiga taxminan 5,4 million faol foydalanuvchi va 2,2 million dolzarb e’lonlarga ega.
Kompaniya ma’lumotida qayd etilganidek: “Bu bitim O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan texnologik sohasi uchun muhim qadam bo‘lib, so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik qo‘shilish va sotib olish jarayonlari qatorida e’tirof etiladi”.
OLX Uzbekistan'ni sotib olish uchun TBC Bank Group Titan Investments bilan qo‘shma korxona tuzdi. Titan Investments — institutsional investorlar, oilaviy sarmoyalarni boshqarish kompaniyalari hamda Yaqin Sharq suveren fondlari bilan hamkorlik qiladigan yirik xalqaro investitsiya xoldingi hisoblanadi.
Kelishuvga ko‘ra, qo‘shma korxona OLX Uzbekistan aksiyalarining 100 foizini sotib oladi. Shuningdek, TBC Bank Group 50% + 1 aksiyani nazorat qiladi, qolgan ulush esa Titan Investments ixtiyorida bo‘ladi. Shartnoma kerakli tartibga solish organlaridan ruxsat olingandan so‘ng rasmiy yakunlanishi kutilmoqda.
TBC Uzbekistan kelgusida o‘zining raqamli bank mahsulotlarini OLX Uzbekistan platformasiga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Biroq platforma o‘z brendini saqlab qoladi va odatdagidek ishini davom ettiradi.
TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani izohida, onlayn e’lonlar platformasini sotib olish kompaniyaning kengayish va diversifikatsiya strategiyasida mantiqiy qadam ekanligini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu qadam bankka yangi mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha segmentlarga kirish va umumiy auditoriya e’tiborini yanada oshirish imkonini beradi.
Shu tariqa, TBC Bank'ning mazkur yirik investitsiyasi nafaqat moliyaviy xizmatlar bozorida, balki raqamli texnologiyalar sohasida ham katta yangilik sifatida qayd etilmoqda. Muttaxassislar bu jarayon mamlakat iqtisodiyoti va raqamli infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
TBC Bank OLX Uzbekistan'ni sotib olib, raqamli bank xizmatlarini joriy etadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar