Jizzaxda firibgarlik va odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir qilgan ayol jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Sharof Rashidov tumanida yashovchi 31 yoshli Zaynabbibi Bobojonova bola asrab olmoqchi bo‘lib yurgan qo‘shnisining ishonchiga kirgan va unga tug‘uruqxonadan chaqaloq olib berishni va’da qilgan. Ayol bola olishda navbatni oldinga surish, hujjatlarni rasmiylashtirish, sog‘lomligi haqida ma’lumotnoma olib berish va boshqa turli bahonalar bilan qo‘shnisining jami 5 mln 550 ming so‘m pul mablag‘ini qo‘lga kiritgan.
Shundan so‘ng Zaynabbibi Bobojonova 2025-yil 31 yanvar kuni Jizzax shahri Yoshlik mahallasidagi tug‘uruqxonaga borgan. Qo‘shnisiga chaqaloqni olib chiqishini aytib, tug‘uruqxonaga kirib ketgan.
Sudda Zaynabbibi Bobojonova aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
“Qo‘shnim farzand ko‘rmagani uchun bola asrab olmoqchi edi. 2024-yil 19 noyabr kuni qo‘shnim bilan Jizzax shahrida joylashgan ona va bola skrining markaziga bordik. O‘zim ichkariga kirib chiqdim va qo‘shnimga bola olish navbati 36-navbatda ekanini, agar 200 dollar bersa 10-navbatga qo‘yib, 2024-yil 10-dekabrda bolani olish mumkinligini aytdim. Qo‘shnim men aytgan plastik kartaga 2 mln 550 ming so‘m tashlab berdi.
So‘ng qo‘shnimdan bolaga sog‘lomligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olib berish uchun deb 550 ming so‘m, Toshkentdagi vasiylik xodimlariga hujjatlarni imzolatish uchun deb 2 mln so‘m, chaqaloq kasal bo‘lgani, uni davolatishni aytib 350 ming so‘m, taksiga deb 100 ming so‘m pullarini aldab oldim. Qo‘shnim bilan telefonda tug‘uruqxona bosh vrachi sifatida chaqaloq olib berish bo‘yicha gaplashib keldim.
2025-yil 31-yanvarda qo‘shnim menga telefon qilib, Jizzax shahridagi tug‘uruqxonaga kelganini aytdi va “bolani bugun olib chiqaylik”, dedi. Yana bosh vrachning nomidan maxfiy raqam orqali qo‘ng‘iroq qildim va bolani olib ketishlari mumkinligini aytdim. Shu kuni soat 15:00 larda qo‘shnim turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari bilan mashinada tug‘uruqxonaga keldi”, degan ayol suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng u avvaliga tug‘uruqxona bosh vrachi oldiga kirgan va bola olmoqchi ekanini aytgan. Bosh vrach ayolga bola asrab olish uchun vasiylik kengashiga murojaat qilishi kerakligini tushuntirgan.
Zaynabbibi Bobojonova bosh vrach qabulidan chiqib, o‘sha yerda shifokorlarning o‘zaro gapidan fuqaro Pokiza Hamroyeva 3 kun avval egizak farzandlarni dunyoga keltirganini, u 9-palatada ekanini eshitgan. Keyin hamshiralardan surishtirib, binodagi kuzatuv kameralari ishlamasligini bilib olgan. Zaynabbibi Bobojonova yuziga niqob taqqan holda 9-palataga kirib borgan hamda “egizak tug‘gan ayol kim?” deb so‘ragan. Xonadagilar Pokiza Hamroyevani ko‘rsatishgan. Zaynabbibi o‘zini shifokorning qizi sifatida tanishtirib, chaqaloqlarni shifokor ko‘rmoqchi ekanini aytgan va eigzaklardan birini ko‘tarib chiqib ketgan.
Ayol chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqib, qo‘shnisiga tutqazgan va o‘zi uyiga ketgan. Ertasi kuni qo‘shnisi ijtimoiy tarmoqlarda tug‘uruqxonadan chaqaloq o‘g‘irlangani haqida tarqalgan xabarni Zaynabbibi Bobojonovaga ko‘rsatgan. Ayol IIBga qo‘ng‘iroq qilib, chaqaloqni u olib kelganini aytgan.
Shu tariqa, bola o‘z onasiga qaytarilgan. Zaynabbibiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qamoqqa olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining hukmi bilan Zaynabbibi Bobojonova Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi va 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 5-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, undan qo‘shnisi foydasiga 5 mln 550 ming so‘m undirish belgilangan.
Jizzax viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!