18:40 / 19.12.2016
11 587

Bir parcha erdan 7 million daromad olgan oltinko‘llik dehqonbobo

Bir parcha erdan 7 million daromad olgan oltinko‘llik dehqonbobo

Qishning qorli kunlarida bahor nafasini tuygingiz kelsa, mirishkor dehqon xonadoniga boring ekan. Mahallaning o‘rtasidagi oddiy xonadon issiqxonasida xuddi ko‘klam nafasi kezayotgandek. Ikki yarim sotixli issiqxonadagi ko‘chatlar sanog‘i yo‘q hosilning mo‘lligidan egilib turibdi.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Oftobachek mahallasida har o‘n xonadonning birida mo‘jaz erdan yaxshi daromad olayotganlar juda ko‘pligi quvonarli hol.

- Limon ko‘chatlarini ekkanimga besh yildan oshdi, mehr bersang bu limon deganlari mevasini ayamay berar ekan,- deydi soqollari yarashib turgan Nabijon ota. – Sanoqli ko‘chatlar juda ko‘p meva qilib, o‘tgan yili olti million so‘m daromad olgandik. Bu yil etti millionni ko‘zlab turibmiz.

Mirobod mahallasidagi Odiljon Yuldashev xonadoniga borganimizda bog‘bon etishtirgan dorivor ne’matga xaridor kelgan ekan. Kichkintoy o‘g‘li bilan meva terayotgan dehqonning hosiliga baraka tiladik. Bir yarim sotix joydagi 35 tup “Mir” navli limon ko‘chati shig‘il-shig‘il meva solibdi.

- Agar issiqlik etarli bo‘lib, parvarishni me’yorida olib borsangiz yiliga ikki marta hosil olasiz,-deydi usta dehqon Odiljon.

Tumandagi 1-umumta’lim maktabida ham yilning noyabr oyida jamoa limonariy yaratishga kirishib, hech qanday isitish moslamalarisiz “termos” usulida bunyod etilgan joyda 25 tup limon ko‘chatlarini parvarish qila boshladi. Uch yillik sitrus nihollar atrofi shudgorlanib, ukrop, kashnich kabi rezavor ko‘kat urug‘lari sepilibdi.

Qishloqda issiqxona qurishga mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan agrofirmalar ko‘maklashishi haqida eshitganlar hujjatlar rasmiylashtirishni boshlashibdi. Oltinko‘l tumanida 56 ta agrofirma tashkil etish rejasi tuzilgan. Ayni paytda ulardan 47 tasi faoliyat boshladi. Agrofirmalar faoliyati, issiqxonalar uchun banklarning kredit ajratishi jadallashtirilmoqda.

Dehqonlarga sharoit yaratilsa, aholi dasturxoni to‘kin bo‘ladi. Har qarichi tilloga teng erimizdan unumli foydalanib, noz-ne’matlar yaratayotgan xonadonlarda bo‘lib, yana ko‘p fuqarolarning mana shunday ishga bel bog‘layotganiga guvoh bo‘ldik.
Elmurod Ermatov, Andijon.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir parcha erdan 7 million daromad olgan oltinko‘llik dehqonbobo