Namangan viloyatida uch nafar fuqaroning yashirin dorixona omborlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari viloyat bojxona boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Uychida yashovchi 1985, 1992 va 1993-yillarda tug‘ilgan shaxslar kontrafakt va sifatsiz dori vositalarini noqonuniy savdoga qo‘yganlikda gumon qilindi.
Ularning Namangan shahri va Uychidagi besh manzilda saqlanayotgan yashirin omborlari ko‘zdan kechirildi. Natijada Xitoy, Rossiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Turkiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Ukraina, Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan, hujjatlarsiz 1267 turdagi jami 102 ming 640 quti dori vositalari topildi.
Ularning taxminiy qiymati 7,2 mlrd so‘mni tashkil qiladi. «Geporin», «Aktovegin», «Xilak forte», «Ursofalk» kabi preparatlardan tashqari, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan «Testosteron» va «Retabolil» dorilari ham aniqlandi.
Tekshiruvlarga ko‘ra, dorilar Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3 (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) va 251−1-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilgan, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!