Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yakkasaroy tumani bo‘limi, DXX va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir davomida qonun buzilishiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, G.D. ismli shaxs noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. U fuqaro A.T.ga tarkibida kuchli ta’sir etuvchi modda – “sibutramin” mavjud bo‘lgan ikki turdagi dori preparatlarini 800 ming so‘mga sotish paytida qo‘lga olindi.
Shu bilan birga, uning boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina salonidan sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan turli nomlardagi xorijda ishlab chiqarilgan jami 1071 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu modda kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi preparatlarni noqonuniy muomalaga kiritish, tarqatish, reklama qilish yoki namoyish etish kabi holatlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Hozirgi paytda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qonunbuzarlikning barcha holatlari va qo‘shimcha ishtirokchilar aniqlanishi bo‘yicha ish olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!