O‘zbekistonda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalarida butunlay yangi tizim – UGaz yo‘lga qo‘yildi. Energetika vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bu yangilik «Yagona integrator Uzinfocom» tomonidan amalga oshirildi va u tizim samaradorligi, shaffofligi hamda xavfsizligi bilan ahamiyatli islohot sifatida baholanmoqda.
UGaz orqali har bir gaz to‘ldirish shoxobchasidagi jarayonlar real vaqt tartibida qayd etiladi. Bunday mexanizm qo‘lda hisob-kitob yuritish zaruratini deyarli yo‘qotadi, nazoratni kuchaytiradi va noqonuniy holatlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Eng asosiysi, bu iste’molchilar xavfsizligini ta’minlab, xizmat ko‘rsatish jarayonlarida ochiqlik va ishonch muhitini yaratadi.
Shoxobchaga kelgan har bir avtomobil avtomatik ravishda tekshiriladi: uning texnik ko‘rik muddati o‘tmagani, ballonning ro‘yxatdan o‘tgani va yoqilg‘i turining mos kelishi zudlik bilan aniqlanadi. Agar tekshiruv natijasida mos kelmaslik yoki muddat o‘tib ketgan holat qayd etilsa, tizim darhol operatorga xabar yuboradi.
Vazirlik ta’kidlashicha, UGaz orqali tabiiy gaz taqsimoti to‘liq shaffof hisobga olinadi. Bu shoxobchalarda gaz hajmlarining aniq qayd etilishi, noqonuniy foydalanishning oldini olish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, har bir kolonka va u yerda ishlayotgan xodimning faoliyati onlayn nazorat ostida bo‘ladi.
Mazkur tizim nafaqat Energetika vazirligi, balki manfaatdor bir qancha tuzilmalar – Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, «Toshshahartransxizmat» AJ, «Energonazorat» platformasi va One ID bilan integratsiya qilingan. Demak, barcha ma’lumotlar yagona tizim orqali nazorat qilinadi, bu esa gaz taqsimoti sohasida shaffoflik va qonuniylikni yanada kuchaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, UGaz nafaqat gaz quyish jarayonlarini tartibga soladi, balki xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilab, butun tizimni yangi bosqichga ko‘taradi. Bu esa mamlakatda energiya resurslaridan samarali foydalanish va xavfsizlik darajasini oshirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!