Turkiya hududida odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda gumon qilingan ikki nafar ayol qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxslar Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushlangan. Ular rasmiy ravishda O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
Ushlanganlardan biri 1962-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan B.M. bo‘lsa, ikkinchisi 1987-yilda Namangan viloyatida dunyoga kelgan N.N. hisoblanadi.
Ichki ishlar vazirligi jamoatchilikka murojaat qilib, ushbu shaxslarning jinoiy harakatlaridan jabrlangan fuqarolarni darhol vazirlik yoki uning hududiy bo‘linmalariga murojaat qilishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoni mavjudligi ta’kidlandi.
Bu hodisa, xalqaro hamkorlik orqali jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali yo‘llaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!