Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ston tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga binoan, MCHJ rahbari N.A. juda ko‘p miqdordagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaslik, shuningdek, naqd pul tushumlarini bankka topshirmasdan savdo qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilgan.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, MCHJ rahbari davlatga 314,9 million so‘mlik soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lamay, 1,17 milliard so‘mlik mahsulotlardan tushgan naqd pullarni kassa orqali rasmiylashtirmagan.
Oqibatda, sud davlat byudjetiga zarar yetkazgan fuqaroga nisbatan 36,3 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi. Shuningdek, zararni qoplash maqsadida u tomonidan depozitga topshirilgan 315 million so‘m davlat byudjeti foydasiga o‘tkazilishi belgilandi.
Majburiy ijro byurosi Baliqchi tuman bo‘limi tomonidan sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdor jinoiy jarima pullarini to‘lashi yuzasidan ogohlantirildi.
Ijro harakatlari davomida belgilangan 36,3 million so‘m miqdoridagi jarima pullari to‘liq undirilishi ta’minlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!