date

Onlayn deklaratsiya: yo‘lovchilar uchun yangi bojxona tizimi ishga tushdi

Onlayn deklaratsiya: yo‘lovchilar uchun yangi bojxona tizimi ishga tushdi

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi elektron xizmatni yo‘lga qo‘ydi. Endi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini qog‘ozda emas, smartfon orqali onlayn tarzda to‘ldirish mumkin bo‘ladi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Buni amalga oshirish uchun maxsus “Yo‘lovchi deklaratsiyasi” nomli mobil ilova ishlab chiqildi. Ilovadan Android (Play Market) va iOS (App Store) tizimlarida foydalanish mumkin.

Foydalanuvchi pasport ma’lumotlarini ilovaga kiritganidan so‘ng, deklaratsiyaning ayrim bo‘limlari avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Shuningdek, yo‘lovchi kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan davlat haqida, olib o‘tayotgan pul, qimmatbaho buyumlar va boshqa tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham ilova orqali kirita oladi.

Yana bir qulay jihati – SIM-kartali qurilmalarning 15 raqamli IMEI-kodini qo‘lda terib yozish shart emas. Bu jarayonni ilova orqali shunchaki skanerlash yetarli bo‘ladi.

Hozircha tizim “Toshkent” xalqaro aeroportida sinov tariqasida ishga tushirilgan. 2025 yil 1 noyabrdan boshlab esa elektron deklaratsiya barcha chegara o‘tkazish punktlarida to‘liq ishga tushishi rejalashtirilgan.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida chegara postlariga infokiosklar o‘rnatilib, ular orqali ham elektron deklaratsiya yuborish imkoni yaratiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar uchun bepul Wi-Fi hududlari tashkil etiladi.

Tashkilot ta’kidlashicha, deklaratsiyani onlayn to‘ldirish qog‘oz shaklida to‘ldiriladigan hujjatlarda uchrashi mumkin bo‘lgan xatoliklar va kechikishlarni oldini oladi.

Ma’lumot uchun, yo‘lovchi deklaratsiyasining mobil ilovasi O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 25 martdagi 57-sonli farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – chegaralardagi inson oqimini tezlashtirish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirishdir.

Endilikda har bir fuqaro chegaradan o‘tishdan oldin deklaratsiyani ilova orqali to‘ldirib, vaqt va nervlarini tejashi mumkin bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Onlayn deklaratsiya: yo‘lovchilar uchun yangi bojxona tizimi ishga tushdi