
Toshkent shahrida 11-dekabr ertalab kutilmaganda yuz bergan elektr uzilishi bir qancha xonadon va korxonalar uchun noqulay vaziyat yaratdi. Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida soat 06:00 ga yaqin elektr ta’minoti bir vaqtning o‘zida uzilib, 6,2 mingdan ziyod iste’molchi vaqtincha svetsiz qoldi.
Energetika vazirligi ma’lumot berishicha, uzilishning asosiy sababi — “Botanika” podstansiyasidan tarqaluvchi “Astronomiya-1”, “Astronomiya-2”, “L-Bosmaxona” va “L-Karamurt” kabel liniyasidan bir nechtasida yuzaga kelgan texnik nosozlik bo‘lgan. Mazkur liniyadagi avariya tufayli tumanning bir nechta mahallalarida elektr uzatilishida to‘xtash kuzatilgan.
Mutaxassislar tongdanoq jamlanib, avvalambor “Astronomiya-2” kabel tarmog‘idagi nosozlikni bartaraf etdi. Soat 09:06 da 3 mingdan ortiq iste’molchida elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Shu bilan ish tugamadi: energetiklar qolgan kabel tarmoqlaridagi muammolarni ham bosqichma-bosqich hal etishni davom ettirmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, barcha iste’molchilarni elektr energiyasiga qayta ulash borasida intensiv ishlar olib borilmoqda. Elektr ta’minoti to‘liq tiklangach, avariya sabablari va texnik mulohazalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.