
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati navbatdagi ogohlantiruvchi axborot bilan chiqdi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Qayd etilishicha, yaqinda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga Yangihayot tumanida yashovchi bola og‘ir jarohat bilan olib kelingan. Dastlabki tekshiruvlarda pirotexnika buyumi uning qo‘lida portlab ketgani aniqlangan.
Portlash oqibatida bolaning tanasining turli joylarida kuyishlar kuzatilgan, shuningdek jarohatlangan qo‘ldagi bir nechta barmoq uzilib ketgan. Eng og‘ir tomoni — qo‘l panjasidagi barcha suyaklar maydalanib, to‘qimalar jiddiy shikastlangani sabab shifokorlar panjani amputatsiya qilishga majbur bo‘lgan.
IIBB ota-onalarni bolalarni pirotexnikadan asrashga chaqirdi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga kirib kelayotgan pirotexnika asosan kontrabanda yo‘llari orqali olib kiriladi va bu sifatsiz, inson salomatligi hamda hayoti uchun xavfli mahsulotlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.