Ekologik reyd: maxsus komissiya Yangihayot va Sergeli tumanlarida bo‘ldi

O‘zbekiston prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi boshchiligidagi Maxsus komissiya havoning ifloslanishini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalarida ekologik reydlarni davom ettirmoqda. Navbatdagi reydlar 13 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi sanoat zonalarida o‘tkazildi.
Sergeli tumanida V.L.Galparin nomidagi Toshkent quvur zavodi faoliyati tekshirildi. Mazkur korxona payvandlangan quvurlar ishlab chiqaradi hamda atrof-muhitga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar toifasiga kiradi.
Yangihayot tumanidagi janubiy sanoat zonasida «O‘zvtorsvetmet» AJ korxonasi faoliyati ham o‘rganildi. Ushbu obyekt ekologik xavfi yuqori bo‘lgan korxonalar sirasiga kiradi. Ma’lum qilinishicha, 2025 yil oktyabr oyida bu yerda tekshiruv o‘tkazilib, uning yakunlari bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.

Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan berilgan ko‘rsatmaga muvofiq, zavod boshqa hududga ko‘chirilmoqda va Yangihayot tumanida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatmoqda. Shuningdek, eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinishi, korxona esa boshqa hududda texnologik jihatdan yanada takomillashgan uskunalarda faoliyatini davom ettirishi belgilangan.
Ko‘rilgan choralar natijasida atmosferaga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olinishi aytilmoqda. Bu Toshkent shahrining Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, janubiy sanoat zonasida «Ikkilamchi qora metallar» korxonasining Toshkent filiali faoliyati ham tekshirildi. Mazkur korxona metallolomni saralash va presslash bilan shug‘ullanadi hamda atrof-muhitga o‘rtacha darajada ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlar qatoriga kiradi.
Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra korxonalarga ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Toshkent shahrining sanoat zonalarida ekologik nazorat ishlari davom ettirilishi, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish esa alohida nazoratga olingani ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!