Samarqand yosh sun'iy intellekt ishlab chiquvchilari uchun maydonga aylandi

Samarqandda 23 yanvar kuni Milliy AI Hackathon’ning hududiy bosqichi yakunlandi. Uch kun davom etgan intensiv ish va muhokamalar natijasida poytaxtda o‘tadigan respublika bosqichida viloyat nomidan ishtirok etadigan jamoalar saralab olindi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
400 dan ortiq ishtirokchini birlashtirgan tadbir oddiy musobaqa doirasidan chiqib, dolzarb ijtimoiy muammolar uchun yechim izlanadigan platformaga aylandi. Xakatonda 47 ta jamoa tibbiyot, ta’lim, tadbirkorlik, kiberxavfsizlik hamda taqiqlangan moddalar aylanishini nazorat qilish yo‘nalishlarida sun’iy intellekt asosidagi loyihalar ustida ishladi.
Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarda giyohvandlik va psixotrop moddalar bo‘yicha noqonuniy reklamani aniqlash, kasalliklarni tashxislash va tibbiyot muassasalari jarayonlarini avtomatlashtirish, ta’lim va mentorlik platformalari, shuningdek raqamli makonni kiberxatarlar hamda zararli kontentdan himoyalashga qaratilgan ishlanmalarni taqdim etdi.
Ichki ishlar vazirligi eksperti Shukrullo Hafizov onlayn makonda kiberbulling va haqoratomuz izohlarni avtomatik aniqlab, bloklash tizimini yuqori baholadi. Mentorlar e’tiborini maktab o‘quvchilarida soft skills ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘quv markazlari ishini samarali tashkil etishga qaratilgan tashabbuslar ham tortdi.
Oraliq saralashdan so‘ng xakaton finaliga 23 ta loyiha chiqdi. 23 yanvar kuni o‘tgan hududiy final yakunlariga ko‘ra besh yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi: ta’limda — AI-club jamoasi (abituriyentlarga OTMga kirishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beruvchi AI-mentor loyihasi), tadbirkorlikda — Yosh dasturchi jamoasi (biznes uchun davlat imtiyozlari va qo‘llab-quvvatlash choralarini topishga ko‘maklashuvchi AI-platforma), tibbiyotda — 21 jamoasi (xususiy klinikalar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, dastlabki diagnostika va bemor holatini AI orqali dinamik tahlil qilish yechimi), kiberxavfsizlikda — Unit coders jamoasi (fayl va xabarlarni oflayn rejimda tahlil qilib, kiberxatarlarni oldindan aniqlovchi tizim), taqiqlangan moddalar aylanishini nazorat qilishda — Cyber team jamoasi (ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy aylanma, kiberjinoyatchilik va xavfli kontentni erta aniqlashga qaratilgan loyiha).
Tashabbus Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, shuningdek IT Park Uzbekistan, AICA, ML Community va Uzinfocom hamkorligida amalga oshirilmoqda. Xakatonning bosh homiysi va hamkori sifatida Uzum milliy raqamli ekotizimi hamda mamlakatdagi boshqa IT-kompaniyalar qatnashdi.
Taqdim etilgan istiqbolli ishlanmalar kelgusida venchur fondlar tomonidan moliyalashtirilishi mumkin. Bu esa yosh dasturchilar g‘oyalarining taqdimot darajasida qolib ketmasdan, O‘zbekiston raqamli iqtisodiyoti rivojiga amaliy hissa qo‘shishiga yo‘l ochadi.
Milliy AI Hackathon’ning birinchi bosqichi 2025 yil oktyabrida start olgan bo‘lib, 2026 yil yakunigacha respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yakuniy final 2026 yil dekabrida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Samarqand bosqichi ortda qoldi, navbat — respublika bosqichida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!