Denovda garov bahonasida tutqunlik va qiynoqlar fosh bo‘ldi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Tojikiston fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turish bilan bog‘liq jiddiy holat ochiqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, mazkur ishda gumonlanuvchi sifatida Denov shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga olingan.
Rasmiy axborotga ko‘ra, u Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi, 1993-yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosini ma’lum muddat davomida tutqunlikda saqlab kelgan. Tekshiruv jarayonida bu voqeaning asosi qarz munosabati bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, denovlik shaxs Dushanbe shahrida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan tanishiga 11 ming AQSH dollari bergan. Ammo mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagani ortidan u “garov” sifatida tanishining sherigini Denov shahrida olib qolgani aytilmoqda.
Eng og‘ir jihati — pul qaytarilmaganidan keyin tutqun qilingan fuqaroga nisbatan bosim kuchaygan. Manbalarga ko‘ra, u turli qiynoqlarga solingan va oqibatda og‘ir darajada tan jarohati yetkazilgan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bunday holatlar yana bir bor qonunni chetlab o‘tish “masala hal qilish” emas, aksincha, og‘ir javobgarlikka olib borishini ko‘rsatadi. Endi ishga huquq-tartibot idoralari to‘liq huquqiy baho beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!