Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy ordeni tantanali topshirildi

Islomobodda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy tor doirada, keyin esa delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida esa marosimiy, lekin ma’nosi juda katta voqea ro‘y berdi: davlat rahbarimizga Pokistonning eng yuksak davlat mukofoti — "Nishoni Pokiston" topshirildi.
Mukofotni topshirish marosimi poytaxtdagi prezident qarorgohi — Ayvoni Sadrda bo‘lib o‘tdi. Pokiston tomoni bu ordenni O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, strategik yaqinlashuvni mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarning munosib e’tirofi sifatida izohladi. Shu bilan birga, bu mukofot O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan do‘stona munosabat va chuqur hurmat ramzi ekani ham alohida qayd etildi.

Marosimda yana bir fikr yangradi: O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi mazmunan yangi pog‘onaga ko‘tarilayotgani, ikki tomon bu aloqalarni faqat “iliq so‘zlar” bilan emas, aniq loyihalar va natijalar bilan to‘ldirish niyatida ekani ta’kidlandi.
Nega bu orden muhim?
“Nishoni Pokiston” — Pokistonning eng oliy fuqarolik mukofoti hisoblanadi va u ko‘pincha davlatlar rahbarlariga, mamlakat manfaatiga eng yuqori darajada xizmat qila olgan shaxslarga beriladi.
Ta’kidlash joiz, bu mukofot turli yillarda jahon siyosatining katta nomlariga ham berilgani tilga olindi. Jumladan, Yelizaveta II, Richard Nikson, Nelson Mandela, Pxumipon Adulyadet, Shayx Zoyid bin Sulton Ol Nahayon, X-u Szintao, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Muhammad bin Salmon kabi yetakchilar ro‘yxatda keltiriladi.
Qisqasi, bu tantana diplomatik protokoldagina qolib ketadigan epizod emas. U — ikki davlat munosabatlari “oddiy hamkorlik”dan chiqib, uzoq muddatli strategik sheriklikka aylanayotganining ramziy, lekin juda aniq signali.
Endi muxlislar (va biznes ham, logistika ham) kutadigan narsa bitta: shu baland kayfiyat qog‘ozda emas, real natijada ko‘rinsin — savdo, investitsiya, transport yo‘laklari va hududlararo hamkorlik tezroq tezlikka chiqsin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!