Talabaning umriga zomin bo‘lgan haydovchi 5 yilga qamaldi

Talabaning umriga zomin bo‘lgan haydovchi 5 yilga qamaldi

Farg‘ona shahrida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, piyodaning o‘limiga sababchi bo‘lgan mototsikl haydovchisiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumot berdi.

Xabar qilinishicha, fojiali hodisa Farg‘ona shahrining “Jo‘ydam” mahallasi hududidan o‘tuvchi Farg‘ona ko‘chasida kechki soat 19:30 atrofida sodir bo‘lgan. 29 yoshli haydovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, texnik hujjatlari va davlat raqam belgisi mavjud bo‘lmagan mototsiklni boshqarib kelayotgan vaqtda svetoforning taqiqlovchi signaliga amal qilmagan.

Natijada u belgilangan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Og‘ir jarohat olgan fuqaro voqea oqibatida vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum Rishton tumanidan bo‘lib, Farg‘ona shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olgan talaba bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rib chiqilgan ish jarayonida ayblanuvchi mototsiklni to‘rt oy davomida hech qanday hujjatlarsiz boshqarib kelganini tan olgan. Shu bilan birga, u YTH vaqtida o‘zi ham jarohat olgani sababli voqea tafsilotlarini to‘liq eslay olmasligini bildirgan.

Sud qaroriga ko‘ra, haydovchi 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etildi va unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan jabrlanuvchi tomon foydasiga 44 million so‘m moddiy hamda 100 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar