«Instagram»iga qarab bilganman». Shahzod Sultonov nega 18 yoshli qizni tanladi?

Aktyor Shahzod Sultonov YouTube'dagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusida bo‘lajak rafiqasi bilan tanishuvi, uni tanlashda e’tibor qaratgan jihatlari hamda ular o‘rtasidagi yosh farqi haqida gapirdi.
«16 yoshimdan ishlay boshlaganman»

Shahzod Sultonov bolaligidan mustaqillikka o‘rgatilganini ham esladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi qattiqqo‘l, onasi esa mehribonroq bo‘lgan. 16 yoshidan turli ishlar qilib, o‘z ehtiyojlari uchun mablag‘ topishga harakat qilgan.
— Ota-onamning tarbiyasi bugungi darajaga yetishimda katta ahamiyat kasb etgan. Atrofimdagi insonlarni kuzatib, hayotdan xulosa chiqarishga odatlanganman, — dedi aktyor.
Shuningdek, u zararli odatlardan uzoq yurishga harakat qilishini, sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzi unga yetarli ekanini ta’kidladi.
«Instagram»i meni ushlab qolgan»

Shahzod Sultonovning aytishicha, u qiz tanlashda avvalo nomzodning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga e’tibor qaratadi.
— Menga tavsiya qilingan qizlarning Instagram sahifasini ko‘rib, ular bilan gaplashmasdan turib ham qaror chiqargan paytlarim bo‘lgan. Insonning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati uning dunyoqarashi haqida ma’lum tasavvur beradi. Buni karomat emas, balki kuzatuv va farosat bilan aytyapman — deydi aktyor.
Uning ta’kidlashicha, bo‘lajak rafiqasi bilan tanishganda ham birinchi bo‘lib Instagram sahifasini ko‘rgan. Qizning akkaunti yopiq bo‘lib, unda asosan tabiat manzaralari va o‘qish bilan bog‘liq suratlar joylanganini ko‘rgan.
— Undan ijtimoiy tarmoqlar hayotida qanchalik ahamiyatga ega ekanini so‘raganimda, bu narsa men uchun muhim emas, degan javobni bergan. Aynan shu javob meni qiziqtirgan, — dedi Shahzod Sultonov.
«O‘rtamizda 12 yosh farq bor»

Aktyorning ma’lum qilishicha, u hozir 30 yoshda, bo‘lajak rafiqasi esa 18 yoshda.
— U tibbiyot sohasida ikkinchi kurs talabasi. Kasbi ham menga ma’qul bo‘ldi. Suhbatlashganimizda qarashlarimiz, hayotga munosabatimiz bir-biriga mos kelganini sezdik. Menga yoqadigan narsalar unga ham yoqar ekan, unga yoqmaydigan jihatlar menga ham ma’qul emas. Taqdir ekan, tanishdik va bir-birimizga ma’qul keldik, — dedi aktyor.
«Ota-ona roziligi muhim»
Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, qiz tomoni dastlab uning yoshligi sababli ikkilangan. Shu bois ular ota-onaning roziligini kutishga qaror qilgan.
— Men har doim ota-onani norozi qilib qurilgan oila haqiqiy baxtga erisha olmaydi, deb hisoblayman. Kelajakda barakali va baxtli hayot kechirish uchun avvalo ota-onani xursand qilish kerak. Ularning duosi inson hayotiga baraka olib kiradi, — dedi u.
«Oilada ota ham, ona ham muhim»

Suhbat davomida aktyor oila va tarbiya mavzusiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, bugungi kunda ajrashayotgan oilalar soni ortib borayotgani tashvishli holat.
— Farzand uchun ham ota, ham ona tarbiyasi muhim. Shuning uchun imkoni boricha murosaga kelib, oilani saqlab qolishga harakat qilish kerak, — dedi u.






























Izohlar 0
…