Bo‘zsuv kanalida oqib ketayotgan erkakning hayoti saqlab qolindi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi "Bo‘zsuv" kanalida suv oqimida oqib ketayotgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan saqlab qolindi. Voqea 19 iyun kuni soat 13:00 lar atrofida sodir bo'lgan bo'lib, qutqaruvchilar profilaktik nazorat ishlarini olib borayotgan paytda suvda harakatsiz oqib ketayotgan erkakni payqab qolgan.
Toshkent viloyatidagi “Bo‘zsuv” kanalida halokat yoqasida qolgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilarining tezkor harakatlari tufayli omon qoldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 19 iyun kuni soat 13:00 lar atrofida Chirchiq shahrining “Sharq” mahallasi hududidan o‘tuvchi kanal bo‘yida profilaktik nazorat ishlarini olib borayotgan qutqaruvchilar suv oqimida harakatsiz holda oqib ketayotgan erkakni payqab qolgan.
Vaziyatning jiddiyligini inobatga olgan qutqaruvchilar zudlik bilan harakatga o‘tib, suvga tushgan holda fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Hushsiz ahvolda bo‘lgan erkakka voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda uning sog‘lig‘i qoniqarli holatda bo‘lib, hayotiga xavf yo‘q.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizlik oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzish ko‘nikmasi bo‘lmagani sababli esa kuchli suv oqimi uni olib ketgan.
FVV mutaxassislari fuqarolarni suv havzalari atrofida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, ehtiyotsizlik og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini yana bir bor eslatdi.






























Izohlar 0
…