09:01 / 04.05.2017
5 050

Jonli efirdagi duel: Makron va Le Pen so‘nggi teledebatlarda bir-birlarini tinimsiz aybladi

Jonli efirdagi duel: Makron va Le Pen so‘nggi teledebatlarda bir-birlarini tinimsiz aybladi
Foto: Reuters

Fransiya prezidentligiga nomzodlar – “Marshda” harakati etakchisi Emmanuel Makron va “Milliy front” partiyasi rahbari Marin Le Pen – saylovlarning ikkinchi turiga uch kun qolganda so‘nggi teledebatlarni o‘tkazishdi. Muloqotning katta qismi janjalga o‘xshash bo‘ldi, so‘rovlarga ko‘ra, tomoshabinlar unda Makron ustun kelganini e’tirof etishgan.

Bahslarni Le Pen Makronga qator ayblovlar seriyasini “otish” bilan boshlab berdi. "Janob Makron nazorat qilinmaydigan globallashuv, beqarorlik, iqtisodiyotni o‘zlashtirish, mamlakatni parchalash, kommunitarizm tarafdori", - deya ma’lum qildi Le Pen. Bunga javoban “Marshda” harakati asoschisi Le Pen ochiq, demokratik debatlardan qochayotganini ma’lum qildi va uni yolg‘onda aybladi. "Siz familiya (Milliy front asoschisi - Jan-Mari Le Pen, Marin Le Penning otasi), o‘ta o‘ng siyosiy partiya, ko‘p yillar davomida fransuzlarning noroziligi hisobidan kun kechirayotgan tizim merosxo‘risiz", - dedi Makron.

Shuningdek uning debatlar chog‘ida ta’kidlashicha, Ollandning besh yillik boshqaruvi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi, hukumat siyosatidan norozi bo‘lgani uchun ham iqtisodiyot vaziri lavozimidan iste’foga chiqqan. Bunga javoban esa Le Pen raqibini kichik Olland, deb atadi hamda Makronning hukumatdan ketishi shunchaki o‘yin bo‘lganini, aslida esa u Fransiyaning amaldagi prezidenti merosxo‘ri ekanini aytdi.

Umuman olganda, siyosiy sharhlovchilarning fikricha, debatlar saylovchilar kutganidek o‘tmadi: Le Pen o‘z loyihasini etarli darajada yaxshi taqdim eta olmadi va hukumatni tinimsiz ayblovchi muxolifat vakili rolini saqlab qoldi, Makron esa hissiyotlarga berildi va bahslarning aksariyat qismini baland ovozda olib bordi.

Boshlovchilarning saylovlarda g‘alaba qozonishsa, RF va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp bilan qanday munosabatlarda bo‘lishlari haqidagi savolga Makron Qo‘shma Shtatlar bilan qalin aloqalar birinchi o‘rinda ekani va u AQSh etakchisi bilan muloqotni mustahkamlashga harakat qilishini ma’lum qildi. Putinni esa u “mintaqaviy muammolar” bo‘yicha “sherik” deb atadi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Rossiya prezidentining bosim qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

O‘z navbatida Le Pen Rossiya va AQSh bilan munosabatlarda muvozanatga erishishni istashi haqida ma’lum qildi. “Bizda Rossiya bilan “sovuq urush” olib borish uchun hech qanday sabab yo‘q, hamda u bilan diplomatik, savdo, strategik munosabatlar qurish uchun barcha imkoniyatlar bor, sababi u buyuk davlat”, - degan “Milliy front” etakchisi.

Shuningdek Le Pen raqibini milliy manfaatlarga zid tarzda Germaniyaga yoqishga harakat qilishda aybladi. “Nima bo‘lgan taqdirda ham, Fransiyani baribir ayol kishi boshqaradi: yoki men, yoki Merkel xonim”, - deya hazil qilgan u.

Nomzodlar yagona Evropa valyutasi borasida bir-biriga zid fikrlar bildirishdi. Masalan, Le Pen milliy valyuta – fransuz frankini qaytarishga chaqirgan bo‘lsa, Makron ikkita valyutaning bir vaqtda bo‘lishi imkonsiz ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya integrasiyalashgan Evropa iqtisodiyoti sharoitida qolmoqda, shuning uchun evrodan voz kechish mamlakat raqobatbardoshligini pasaytiradi, frankning qaytarilishi esa fransuzlar uchun juda katta xavfdir.

Elabe kompaniya tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, tomoshabinlarning 63 foizi Makronni qo‘llab-quvvatlashdi, Le Pen – 34 foiz, yana 3 foiz o‘z fikrini aniq ayta olmadi.

OpinionWay kompaniyasi so‘nggi so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, Makron saylovlarning ikkinchi turida Le Pen ustidan g‘alaba qozonadi: saylovchilar 60 foizi uni qo‘llab quvvatlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jonli efirdagi duel: Makron va Le Pen so‘nggi teledebatlarda bir-birlarini tinimsiz aybladi