«Toshkent shahar suv ta’minoti» yangi hisoblagichlar bo‘yicha izoh berdi

Toshkentda sovuq suv uchun o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichlar ishi bo‘yicha aholi murojaatlari ko‘paygach, «Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasi izoh berdi. Shaharliklarning asosiy e’tirozlari qurilmalar ma’lumotni avtomatik yubormasligi va ayrim holatlarda hisob-kitob summasi keskin oshishi bilan bog‘liq.
Korxona ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi bosqichda hisoblagichlar ko‘rsatkichni billing tizimiga mustaqil ravishda uzatmaydi. Ma’lumotlar abonent bo‘limi xodimlari tomonidan oyiga bir marta Walk-by texnologiyasi orqali masofadan o‘qib olinadi. Bu usul xodim hudud bo‘ylab yurgan vaqtda hisoblagich ma’lumotini yaqin masofadan qabul qilish imkonini beradi.
Mazkur tizim Yangixayot va Sergeli tumanlarida joriy etilgan. Hozirda uni Yakkasaroy tumanida ham ishga tushirish jarayoni ketmoqda.
Katta miqdordagi hisob-kitoblar esa dastlabki haqiqiy ko‘rsatkich olinguniga qadar to‘lov o‘rtacha sutkalik iste’mol asosida hisoblanishi bilan izohlandi. Hisoblagich ma’lumoti o‘qilgandan keyin tizim avtomatik ravishda qayta hisob-kitob qiladi.
Korxona hisoblagichlar ortiqcha suv sarfini yozib qo‘ymasligini bildirdi. Agar iste’mol kutilmaganda oshsa, aholiga santexnika jihozlarini tekshirish tavsiya etilgan. Ayniqsa, unitaz bachoklaridagi yashirin oqishlar katta hisob-kitoblarning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Yangi hisoblagichlarni o‘rnatish bepulligicha qolmoqda. Qurilma montaj qilingan kunning o‘zida ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.































Izohlar 0
…