«Yeraltı» seriali yulduzi atrofida mojaro: 17 yoshli aktrisaning otasi shikoyat qildi

Ünal Çiftchi 17 yoshli qizi Ülkü Hilal Çiftchining o‘zidan 10 yosh katta serialdagi hamkori Hakan Çelebi bilan munosabatda bo‘lganini va uning aktyorlik faoliyati qonuniy vasiysi roziligisiz yo‘lga qo‘yilganini da’vo qildi. Shu sababli u menejerlik kompaniyasi rahbari Gözde Yılmaz hamda Hakan Çelebi yuzasidan huquqiy jarayon boshladi.
Bayonnomada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ota Ünal Çiftchi qizi Ülkü Hilal Çiftchining OnTalent Menajerlik kompaniyasida faoliyat yuritishini ma’lum qilgan. Shuningdek, u qizining mobil telefonidagi WhatsApp yozishmalarini ko‘rib, o‘zidan 10 yosh katta serialdagi hamkori Hakan Çelebi bilan munosabatda bo‘lganini aniqlaganini bildirgan.
Vaziyatdan norozi ekanini bildirgan ota Çiftchi rafiqasi bilan nikohi davom etayotganini, biroq bolaning onasi mazkur holatga befarq munosabatda bo‘lganini da’vo qilgan.
«Mening roziligimsiz ishlatilgan»
Ünal Çiftchi voyaga yetmagan qizining mehnat faoliyati yuzasidan ham shikoyat qilgan. Uning ta’kidlashicha, qizining aktyorlik faoliyati davomida o‘zining, ya’ni qonuniy vasiysi sifatidagi roziligi olinmagan.
Shu sababli ota menejerlik kompaniyasi rahbari Gözde Yılmaz hamda aktyor Hakan Çelebi yuzasidan huquqiy jarayon boshlagan.

Menajerlik kompaniyasidan yozma bayonot
Mazkur da’volar qisqa vaqt ichida turk matbuoti va shou-biznes kun tartibiga chiqqach, menejerlik kompaniyasi ham munosabat bildirdi.
Kompaniya yozma bayonotida Ülkü Hilal Çiftchining shu kunga qadar ishtirok etgan barcha loyihalari va aktyorlik faoliyatiga oid ishlar uning qonuniy vakilining xabardorligi va rasmiy roziligi asosida amalga oshirilganini ma’lum qildi. Kompaniya shu orqali otaning da’volarini rad etdi.
Bayonotda 17 yoshli aktrisaning shaxsiy hayotiga oid ayrim da’volar va oilaviy masalalarning ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinishi to‘g‘ri emasligi ta’kidlangan.
Kompaniya, shuningdek, Ülkü Hilal Çiftchining shaxsiy hayoti, shaxsiy huquqlari va «bolaning ustuvor manfaatlari» har qanday bahs-munozaradan ustun qo‘yilishi kerakligini qayd etgan.
Bayonotda OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ham ushbu masalaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashish so‘ralgan. Aktrisaning buguni va kelajagiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan da’volarni tarqatmaslik, e’lon qilingan materiallarni esa o‘chirib tashlash iltimos qilingan.
Kompaniya, shuningdek, Ülkü Hilal Çiftchining shu kunga qadar olib borgan barcha aktyorlik faoliyati qonuniy vakilining xabardorligi va roziligi bilan, amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilganini yana bir bor ta’kidlagan.
Bayonot yakunida kompaniya o‘ziga nisbatan ilgari surilgan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan da’volar bo‘yicha qonuniy huquqlari saqlanib qolishini bildirgan. Shu bilan birga, kompaniya bundan buyon ham Ülkü Hilal Çiftchining huquqlari va professional kelajagini himoya qilishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan.































Izohlar 0
…