Qo‘nishga soniyalar qolganda samolyotga mushak kelib urildi

AQSHning Chikago shahrida qo‘nishga tayyorlanayotgan Delta Air Lines aviakompaniyasi samolyotiga mushak kelib tekkani haqida xabar berildi. Hodisa vaqtida bortda 52 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 4 iyul kuni kechqurun Atlantadagi Harsfild–Jekson aeroportidan Chikagodagi Miduey xalqaro aeroportiga parvoz qilayotgan reys qo‘nish jarayonida sodir bo‘lgan.
Aviakompaniya bayonotida aytilishicha, samolyot pastlab kelayotgan paytda mushak bilan to‘qnashgan. Shunga qaramay, uchoq xavfsiz tarzda qo‘nishni amalga oshirib, mustaqil ravishda terminalga yetib borgan. Hodisa oqibatida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan hech kim jabrlanmagan.
Uchuvchining aytishicha, hodisa taxminan 61 metr balandlikda sodir bo‘lgan.
«Pastda portlagan narsa oddiy pirotexnika vositasi bo‘lishidan umid qilyapmiz, ammo kuchli zarba aniq sezildi», — degan u.
Hodisadan oldin aviadispetcherlar uchuvchilarni aeroport yaqinida mushakbozliklar o‘tkazilayotgani haqida ogohlantirgan.
Keyinchalik Chikago politsiyasi samolyotga noma’lum jism tekkanini va bu tashqi bo‘yoq qismida yengil shikast qoldirganini ma’lum qildi. Airbus A319 uchog‘i qo‘nganidan so‘ng texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va jiddiy nosozliklar aniqlanmagan.
Mazkur voqea AQSH bo‘ylab millionlab odamlar mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan mushakbozliklar uyushtirgan kunga to‘g‘ri keldi.






























Izohlar 0
…