Bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi qoidalar: jiddiy cheklov kiritilmoqda

Bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi qoidalar: jiddiy cheklov kiritilmoqda

Senatning navbatdagi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.

Ushbu hujjat ta’lim muassasalarida voyaga yetmagan bolalarning sha’ni, qadr-qimmati va daxlsizligini himoya qilish bo‘yicha yangi huquqiy mexanizmlarni nazarda tutadi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Endilikda ta’lim tashkilotida tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni tahqirlash ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Pedagogik faoliyatga bir yillik cheklov

Qonunga ko‘ra, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘shimcha cheklov ham qo‘llanadi.

Bunday shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilganidan keyin bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Aliment bo‘yicha ham muhim o‘zgarish bor

Hujjatda davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.

Bu norma bolaning moddiy ta’minoti bo‘yicha ota-ona mas’uliyatini saqlab qolishga qaratilgan.

Yetim bolalar faqat qarindoshlar tarbiyasiga beriladi

Qonun bilan yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani faqat qarindoshlari tarbiyasiga berish tartibi joriy etilmoqda.

Senatorlar fikricha, bu bolalarning manfaatlarini ishonchli himoya qilish va ularni yaqin ijtimoiy muhitda tarbiyalash imkonini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonun hali kuchga kirgani yo‘q

Senatorlar ushbu qonun ta’lim muassasalarida bolalarning huquqlari, qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashini ta’kidlamoqda.

Qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar