Toshkent viloyatida soliq xodimi pora bilan bog‘liq holatda fosh etildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida soliq inspeksiyasi xodimi bilan bog‘liq korrupsiya holati fosh etildi. DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektorning vositachisi pul olayotgan vaqtda ushlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat «Chinni bozor»da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor bilan bog‘liq. Tekshiruv davomida tadbirkor to‘lovlarni mobil ilovalar orqali shaxsiy bank kartasiga qabul qilib kelgani, tushum esa hisob raqamiga kiritilmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng soliq inspektori tadbirkorga 160 mln so‘m jarima qo‘llanishi mumkinligini aytgan. U ushbu masalani yashirish va jarima rasmiylashtirmaslik evaziga 1000 dollar talab qilgani bildirilmoqda.
Tezkor tadbir vaqtida inspektorning vositachisi pulni qabul qilib olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.































Izohlar 0
…