Afg‘oniston O‘zbekiston haqidagi bahsli bayonotlarga rasmiy javob berdi

Afg‘oniston O‘zbekiston haqidagi bahsli bayonotlarga rasmiy javob berdi

O‘zbekistonning Kobul shahridagi elchixonasi Afg‘oniston rasmiysi nomidan O‘zbekistonga nisbatan aytilgani haqida tarqalgan tanqidiy bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vaziri Xolid Hanafiy nutqida O‘zbekiston haqida tanqidiy fikrlar bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur ma’lumotlar yuzasidan O‘zbekiston tomoni tezkor o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Natijada 16 iyul kuni Afg‘onistonning Fazilatlarni targ‘ib qilish va yomonliklarning oldini olish vazirligi rasmiy raddiya berib, tarqalgan iddaolar haqiqatga mos emasligini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotda ayrim ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalar ikki qardosh davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga putur yetkazish maqsadida faktlarni noto‘g‘ri talqin qilayotgani ta’kidlangan.

Vazirlik bayonotida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri ekani, Imom Buxoriy kabi buyuk ulamolar vatani sifatida yuksak qadrlanishi qayd etildi. Shuningdek, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi diniy, tarixiy va madaniy yaqinlik alohida e’tirof etildi.

Rasmiylarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim nashrlarda O‘zbekiston haqida tarqalgan salbiy mazmundagi fikrlar vazirning haqiqiy pozitsiyasini aks ettirmaydi. Shu bois mazkur da’volar qat’iy rad etildi va ular haqiqatni buzib ko‘rsatish sifatida baholandi.

Bayonot yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari kelgusida ham mustahkamlanib borishiga ishonch bildirildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar