Jazoirdagi bolalar uyi yong‘inida 11 kishi halok bo‘ldi

Jazoir poytaxti yaqinida joylashgan bolalar uyida yuz bergan yirik yong‘in oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi, yana 19 nafari turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda Euronews nashri ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 16 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:30 atrofida poytaxtning sharqida joylashgan Muhammadiya kommunasidagi bolalar uyida sodir bo‘lgan. Yong‘in haqida xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga qutqaruv xizmatlari zudlik bilan yetib borgan.
Yong‘inni o‘chirish va qutqaruv ishlariga oltita yong‘in o‘chirish mashinasi, oltita tez tibbiy yordam brigadasi hamda maxsus texnikalar jalb etilgan. Qutqaruvchilar binodan yordamga muhtoj bo‘lgan besh kishini xavfsiz hududga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Dastlab 16 nafar jabrlangani ma’lum qilingan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni 19 nafarga yetgani bildirildi. Jabrlanganlarning ayrimlari kuyish jarohatlari olgan, boshqalarida esa tutundan zaharlanish va nafas olish bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda. Mutaxassislar hodisa joyida qidiruv va tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda. Jazoir Bosh vaziri Sifi G‘reb shifoxonaga borib, jabrlanganlarning holidan xabar olgan.






























Izohlar 0
…