Eron husiylarga Qizil dengizni yopish buyrug‘ini berdimi?

Eron husiylarga Qizil dengizni yopish buyrug‘ini berdimi?

Eron Yamandagi husiylar harakatiga Qizil dengiz orqali o‘tuvchi neft tashish yo‘lini yopishga tayyor turish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabarlar tarqaldi. Reuters agentligi uch nafar manbaga tayanib ma’lum qilishicha, bunday chora AQSH Eronning energetika infratuzilmasiga ehtimoliy zarba bergan taqdirda amalga oshirilishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur reja Eron rahbariyati darajasida muhokama qilingan va bu haqda husiylar harakati vakillariga ham xabar yetkazilgan. Biroq manbalar bu xabar qay tarzda yetkazilgani hamda u AQSH prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlaridan keyin yuborilgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Eron Tashqi ishlar vazirligi va husiylar harakati hozircha bu xabar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofida raketa va dronlar joylashtirib, ehtimoliy harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, qurollar Hodeyda va Adan ko‘rfaziga tutash hududlarda joylashtirilgan bo‘lib, faqat tegishli buyruq kutilmoqda.

Mutaxassislar Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi ehtimoliy keskinlik jahon neft bozori uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda. Agar bu yo‘nalishda kemalar harakati cheklansa, energiya ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va global bozorlarda narxlarning yanada oshib ketishi mumkin.

Shu bilan birga, husiylarga yaqin manbalar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakillari Yamandagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgani va strategik qarorlar muvofiqlashtirilayotganini ham bildirgan.

So‘nggi kunlarda mintaqadagi vaziyat yanada taranglashdi. Husiylar Saudiya Arabistoni tomon raketa hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qildi. Bu esa bir necha yil davom etgan nisbiy tinchlikka putur yetkazishi mumkinligi haqida xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Tahlilchilar fikricha, agar Qizil dengizdagi asosiy dengiz yo‘llari xavf ostida qolsa, bu nafaqat Yaqin Sharqdagi vaziyatga, balki butun dunyo energetika bozoriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar