09:01 / 17.05.2017
6 124

Toshkentda “uddaburon tadbirkorlar" fosh etildi

Toshkentda “uddaburon tadbirkorlar" fosh etildi
Nafs quliga aylanayotgan, ya’ni qilayotgan ishining ertasini o‘ylamay, ko‘r-ko‘rona “tadbirkorlik” qilayotgan ayrim kimsalar kun kelib noqonuniy ishlarining javobgarligi borligini unutib qo‘ymoqdalar. Saydi Jonibekov va Bilol Inomov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham shundaylar sirasidan ekan, deb yozadi Kun.uz sayti Huquq gazetasidagi maqolaga asoslanib.

B.Inomov 2015 yilning dekabr oyida Toshkent viloyatida joylashgan tumanlarning biridan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tib, mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil qildi. Unga rahbar sifatida S.Jonibekovni tayinladi. O‘z norasmiy rahbar sifatida MChJning ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

O‘tgan yilning yanvar oyida MChJ mutasaddilari tomonidan pul ko‘chirish yo‘li bilan 317 mln. so‘mlik tikuv mahsulotlari, 609 mln. 761 ming so‘mlik avtomobil ehtiyot qismlari, 3 mlrd. 606 mln. 157 ming so‘mlik boshqa turli mahsulotlar, jami 4 mlrd. 216 mln. 234 ming so‘mlik tovarlar sotib olinadi. Ammo ular tegishli tartibda jamiyatga kirim qilinmaydi. Katta mablag‘ evaziga xarid qilingan mahsulotlar ulgurji tarzda naqd pulga sotilib, savdodan tushgan pullar na nazorat-kassa mashinasidan o‘tkaziladi, na bankka topshiriladi. Aksincha, o‘rtada o‘zaro taqsimlanadi.

Shuningdek, bu kimsalar keltirilgan mahsulotlarning yuk varaqalarini hamda MChJning buxgalteriya hujjatlarini qasddan nobud qiladilar. Shunday qilsak, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladi, deb o‘ylagan S.Jonibekov va B.Inomov qattiq yanglishdilar. Jamiyatda o‘tkazilgan tekshirishlarda ularning qilmishlari fosh etildi. Buxgalteriya hujjatlarini nobud qilib yuborgan bo‘lishsa-da, huquq-tartibot idoralari xodimlari MChJ tomonidan davlatga to‘lanishi shart bo‘lgan 733 mln. 682 ming so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni aniqlashdi. Qolaversa, MChJning ulgurji savdoni amalga oshirish uchun tegishli lisenziyaga ega bo‘lmaganligi ham fosh etildi.

Sud hukmi bilan B.Inomov va S.Jonibekov ma’lum muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam ish haqining 400 barobari miqdorida jarima jazosiga tortildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda “uddaburon tadbirkorlar" fosh etildi