Samarqandda qo‘shnilar janjali ommaviy mushtlashuvga aylandi

Samarqand shahrida qo‘shnilar o‘rtasida kelib chiqqan tortishuv janjal bilan yakunlandi. Hodisa oqibatida bir fuqaro bir necha kishi tomonidan kaltaklanib, tan jarohati oldi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 23 iyul kuni soat 20:10 atrofida sodir bo‘lgan. Dastlab 1991 yilda tug‘ilgan J.G. hamda 1974 yilda tug‘ilgan qo‘shnisi U.A. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, janjalga U.A.ning 1997 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va yana ikki nafar tanishi ham aralashgan. Ular J.G.ga qo‘l va oyoqlari bilan bir necha bor zarba berib, unga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazgan.
Hodisa yuzasidan shu kunning o‘zida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi ikkinchi qismi “b” bandi, ya’ni bezorilik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…