Andijondagi xususiy bog‘chada bolalarni haqorat qilgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi (video)

Andijon viloyatining Andijon tumanidagi "Daryobo‘yi" mahallasida joylashgan xususiy bog‘chada tarbiyachining bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘lib, haqoratli so‘zlarni ishlatgani ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining ma’lum qilishicha, pedagogik odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan mazkur tarbiyachi egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi xususiy bog‘chalardan birida tarbiyachining tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘layotgani aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Lavhada bolalar stol atrofida o‘tirgan paytda tarbiyachining ularga nisbatan haqoratli va odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlarni ishlatayotgani tasvirlangan.
Aniqlanishicha, ushbu holat Andijon tumani “Daryobo‘yi” mahallasida faoliyat yurituvchi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi holat yuzasidan munosabat bildirib, tarbiyachining pedagogik odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlanganini ma’lum qildi. Shu sababli u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Ayni paytda voqea yuzasidan tegishli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Holatning barcha tafsilotlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilingan.






























Izohlar 0
…