Toshkentda er-xotin yo‘l talashib, haydovchi bilan janjallashdi

Toshkentda yo‘l talashish ortidan yuzaga kelgan janjal aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, voqea yo‘lni sement tashuvchi maxsus texnika to‘sib qo‘ygani ortidan kelib chiqqan. Yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro maxsus texnika haydovchilaridan yo‘lni bo‘shatishni so‘ragan.
Uning aytishicha, haydovchilar undan biroz kutib turishni iltimos qilgan. Shundan so‘ng fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan haydovchilar o‘rtasida og‘zaki tortishuv boshlangan.
Janjal vaqtida ayolga haqoratli gaplar aytilgani ortidan uning turmush o‘rtog‘i haydovchilardan biriga shapaloq urgan. Keyinchalik fuqaro o‘z harakatini noto‘g‘ri deb bilishini va jahl ustida ish tutganini tan olgan.
Ayolga qo‘pol gapirgan haydovchi ham o‘z xatti-harakatini tan olib, janjal paytida asabiylashib, haqorat qilganini bildirgan.
Mazkur holatni yo‘l chetidagi fuqaro videoga olgan. Keyinchalik maxsus texnika haydovchisi tasvirni o‘zining Instagram sahifasiga joylashtirgan. Uning ta’kidlashicha, videoni shunchaki ulashgan va uning bunday shov-shuvga sabab bo‘lishini kutmagan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi asosida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Mirobod tumani sudiga yuborilgan.






























Izohlar 0
…