12:32 / 15.06.2017
4 702

Stiv Jobs: «Izlaning va izlanishdan hech qachon to‘xtamang»

Stiv Jobs: «Izlaning va izlanishdan hech qachon to‘xtamang»
Harvard Business Review Apple kompanyaisi asoschisi Stiv Jobsning 2005 yil 12 iyun kuni — roppa-rosa 12 yil muqaddam Stenford universiteti bitiruvchilari oldida qilgan mashhur nutqini esga oldi, deb yozmoqda «Kun.uz» nashri.

Men sizlarga o‘z hayotimda ro‘y bergan uch voqeani so‘zlab bermoqchiman. Shunchaki uch voqea, ortiqcha biror narsa emas.

Ulardan dastlabkisi — nuqtalarni birlashtirish haqida. Men Rid-kollejga o‘qishga kirganimdan olti oy o‘tib o‘qishni tashlaganman, shundan so‘ng yana 18 oy mobaynida unga erkin tinglovchi sifatida qatnab yurdim, ana shundan keyingina butunlay ketdim. Nega men bunday yo‘l tutdim?

Hammasi men tug‘ilmasimdan ham ham avvalroq boshlangan. Mening biologik onam yosh aspirant qiz bo‘lgan. U asrab olishsa menga yaxshiroq bo‘ladi, degan qarorga kelgan. U meni oliy ma’lumotli insonlar asrab olishini istagan, hammasi meni bir yurist o‘z xotini bilan asrab olishiga qarab ketayotganida, mening tug‘ilishimga bir daqiqa qolganida ular aslida qizaloq xohlashayotganini aytib qolishgan. Shu sababli ro‘yxatda keyingi bo‘lib turgan boshqa juftlik menga ota-ona bo‘lgan. Yarim tunda ularga qo‘ng‘iroq qilib, «Bizda kutilmaganda o‘g‘il bola tug‘ildi. Uni asrab olishni istaysizlarmi?» deb so‘rashgan. Ular «Albatta, istaymiz», deb javob berishgan.

Biologik onam yangi ota-onam oliy ma’lumotga ega emasligini bilib qolganida, u asrab olishga oid so‘nggi hujjatlarni imzolashdan bosh tortadi. Onam faqatgina o‘gay ota-onam qachondir men kollejga o‘qishga kirishimni va’da berishganidan so‘nggina hujjatlarga imzo chekadi.

17 yil o‘tgach, men kollejga o‘qishga qabul qilindim. Biroq men go‘llik bilan Stenford singari juda qimmat kollejni tanladim, ishchilar sinfidan bo‘lgan ota-onamning barcha jamg‘armalari o‘qishimga sarflana boshlandi. Oradan olti oy o‘tgach, ta’lim olishda biror qadr ko‘rmasligimni tushunib etdim. Men o‘z hayotim bilan nima qilishni bilmadim va kollej bu borada menga nima yordam berishini ham anglamasdim. Men, shunchaki, ota-onam umr bo‘yi yiqqan pulni sarflayotgandim.

Ana shunday kunlarning birida kollejni tashlashga qaror qildim. Men hammasi biror yo‘l bilan o‘z o‘rniga tushishiga ishonardim. O‘sha paytlar menga juda qo‘rqinchli tuyulayotgandi, biroq hozir ortga nazar tashlab aytishim mumkinki, bu hayotimda qabul qilgan eng chiroyli qarorlarimdan biri bo‘lgan ekan. O‘qishni tashlaganimdan so‘ng men faqat o‘zimga qiziq bo‘lgan mashg‘ulotlargagina qatnay boshladim.

Bu erda hech qanday romantika yo‘q edi. Menda yashashga ham joyim yo‘q edi, shu sababli do‘stlarimnikida, polda uxlardim. Men qornim to‘yishi uchun Koladan bo‘shagan shishalarni 5 sentdan topshirardim. Biroq bu hol menga yoqardi. O‘shanda men to‘qnash kelgan narsalarning aksariyatiga o‘zimning qiziquvchanligim va intuisiyam tufayli erishganman va bu bebaho hayotiy tajriba bo‘lgan.

Bitta misol keltiraman. Rid-kollej o‘sha paytda kalligrafiyaga o‘rgatuvchi mamlakatdagi eng yaxshi o‘quv dargohlaridan biri bo‘lgan. Kollejdagi har bir poster, yashiklardagi har bir yorliq o‘ta chiroyli kalligrafik husnixat bilan yozilgan edi. Men oddiy mashg‘ulotlarga bormasam ham, kalligrafiyani o‘rganishga qaror qildim. Men kertikli va kertiksiz garnituralar, harflar o‘rtasidagi bo‘sh joyning turli kattaligi — xullas, buyuk topografiyani buyuk qiluvchi barcha narsalarni o‘rgandim. Bu hech bir fanga bo‘ysunmas ajoyib tarixiy va badiiy bilim edi va u meni butkul maftun etib bo‘lgandi.

Bu bilimlar keyingi hayotimda asqotishiga biror imkoniyat yo‘q edi, biroq 10 yil o‘tib, Macintosh uchun dizayn yaratayotganimizda bu bilimlarning barchasi yana xayolimda jonlandi va uni Mac’ning dizayniga jo qildik. Bu ajoyib topografikaga ega ilk kompyuter edi. Agar men o‘qishni tashlamaganimda, kollejdagi bu kursga qatnamaganimda, Mac’da hech qachon bunday shriftlar bo‘lmas edi. Windows shunchaki Mac’dan nusxa ko‘chirib olgani e’tiborga olinsa, bunday shriftlar birorta shaxsiy kompyuterda bo‘lmasdi. Xullas, kollejdan ketmaganimda meni bu kalligrafiya kursiga yozilmasdim, shaxsiy kompyuterlar hech qachon ajoyib topografikaga ega bo‘lmasdi. O‘z-o‘zidan, kollejdagi mashg‘ulotlarga qatnab yurganimda kelajakka qarab bu nuqtalarni birlashtirishning iloji yo‘q edi, biroq bu 10 yil o‘tib mutlaqo aniq ko‘rinishga keldi.

Yana bir bor takrorlayman: siz oldinga qarab nuqtalarni birlashtira olmaysiz, faqatgina ortga qarab ularni birlashtirasiz. Bu esa nuqtalar kelajakda qandaydir yo‘l bilan birlashishiga ishonishingiz kerakligi bildiradi. Siz instinkt, taqdir, hayot va yana nimalargadir ishonmog‘ingiz kerak. Bu yondashuv hali hayotimda menga biror marta pand bermagan.

Mening ikkinchi hikoyam — muhabbat va yo‘qotish haqida. Men baxtli edim, men o‘zimga nima yoqishini juda erta anglaganman. Stiv Voznyak va men Apple’ni ota-onamning garajida, 20 yoshga to‘lgan chog‘imda yaratganmiz. Biz ko‘p va xo‘b ishladik hamda 10 yil ichida Apple ikki kishilik firmadan 2 mlrd. dollarlik va 4 ming xodimga ega kompaniya darajasiga etdi. Biz o‘zimizning eng yaxshi mahsulotimiz — Mac’ni endi-endi ishlab chiqarganimizda men 30 yoshda edim — ana shundan keyin... meni ishdan bo‘shatishgan.

O‘zing asos solgan kompaniyadan seni qanday qilib bo‘shatishlari mumkin? Apple o‘sayotgan istiqbolli kompaniya edi va biz uni ravnaq toptirish uchun menga o‘ta iqtidorli ko‘ringan insonni yolladik. Boshida ishlar yaxshi ketayotgan edi, keyinchalik qarashlarimizda farq yuzaga kela boshladi, alal-oqibatda biz urushib qoldik. Bu voqea ro‘y berganida direktorlar kengashi uning nuqtai nazarini himoya qilib chiqdi. Mana, 30 yoshdaman va ishdan bo‘shatildim, bo‘shatilganda ham katta mojaro ortidan. Butun ongli hayotim mazmuni bo‘lgan narsa yo‘q bo‘ldi, bu esa o‘ta alamli edi.

Bir necha oy nima qilishni bilmay yurdim. Men o‘zimga berilgan estafeta tayoqchasini qo‘limdan tushirib yuborib, oldingi avlodga oid biznesmenlarning umidini puchga chiqarganimni anglab turar edim. Men Devid Pakkard va Bob Noys (Hewlett-Packard va Intel asoschilari) bilan uchrashdim va sodir bo‘lgan vaziyat yuzasidan ulardan uzr so‘ramoqchi bo‘ldim. Men juda ommaviy tarzda sharmanda bo‘lgan edim, shu sababli Vodiydan qochib chiqib ketishni ham o‘ylay boshlagan edim. Biroq shu vaqtning o‘zida ichimda nimadir qayta tug‘ila boshladi. Men hamon o‘zim qilayotgan ishni sevardim: Apple’da yuz bergan voqealar bunga zarracha ta’sir ko‘rsata olmagandi. Meni rad etishdi, biroq men o‘z ishimni sevardim, shu sababli hammasini yangidan boshlashga qaror qildim.

O‘shanda men buni anglamagan ekanman, biroq Apple’dan bo‘shatilishim hayotimda ro‘y bergan eng ajoyib hodisa bo‘lgan ekan. Muvaffaqiyatlilik yuki hech narsada butkul ishonchi bo‘lmagan yangi boshlovchining osonligi bilan almashdi. Bu voqea meni ozod qildi va hayotimdagi eng ijodkorlik davrini boshlab berdi. Keyingi besh yil ichida men NeXT va Pixar kompaniyalariga asos soldim, keyinchalik umr yo‘ldoshimga aylangan ajoyib qizni sevib qoldim. Pixar «O‘yinchoqlar voqeasi» — kompyuterda chizilgan ilk multfilmni ommaga namoyish etdi. Ayni paytda Pixar — jahondagi eng muvaffaqiyatli animasion studiya hisoblanadi. Ajoyib voqealar ketma-ketligidan so‘ng NeXT Apple’ni sotib oldi va biz NeXT’da yaratgan texnologiyalar Apple’ning qayta tug‘ilishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Loreyn ikkimiz esa ajoyib oilaga asos soldik.

Men aniq aminmanki, agar meni Apple’dan haydab yuborishmaganida bularga erisha olmas edim. Albatta, bu o‘ta achchiq dori ekan, biroq bemorning unga ehtiyoji bor edi. Ba’zan hayot boshingga tosh bilan tushirib qolar ekan, biroq sen ishonchni yo‘qotmasliging kerak. Men aminmanki, o‘zim qiladigan ishni sevganim uchun davom ettirishga qodir bo‘lganman. O‘zingiz sevgan narsalarni toping, siz sevadigan kishini toping. Sizning ishingiz hayotingizni katta qismini qamrab oladi va undan lazzatlanishning birgina yo‘li bor — o‘z ishingiz ajoyib ekanligiga ishonish. Ajoyib ishda ishlashning esa birgina yo‘li bor — o‘zingiz qilayotgan ishni sevish. Modomiki, o‘zingiz sevadigan narsani topa olmagan ekansiz, izlanishda davom eting va aslo to‘xtamang. Qalb amriga bo‘ysunuvchi barcha ishlarda bo‘lgani kabi, siz uni topgan zahoti tushunib etasiz. Yillar o‘tishi bilan u sizga tobora yoqaveradi, shu sababli izlaning va aslo to‘xtamang.

Mening uchinchi hikoyam — o‘lim haqida. Men 17 yoshga to‘lganimda qayerdandir o‘qib qoluvdim: «Agar siz har bir kunni so‘nggi kundek yashasangiz, kun kelib haq bo‘lib chiqasiz». Bu gap menda qattiq taassurot qoldirgan. Keyingi 33 yil ichida men har kuni ertalab ko‘zgaga qarab turib o‘zimga savol berishdan charchamadim: «Agar bugun hayotimdagi so‘nggi kun bo‘lsa, men bugun qilishim kerak bo‘lgan ishni qilishni istarmidim?» Ko‘p kunlar mobaynida «yo‘q» javobi yangrardi va men nimanidir o‘zgartirish kerakligini bilardim. Men tez orada o‘lishim mumkinligi haqidagi fikr — hayotda bir qarorga kelishimda ko‘mak beruvchi qurollarimning eng muhimidir, chunki hamma narsa: o‘zgalarning umidi, mag‘rurlik, muvaffaqiyatsizlik yoki qiyinchiliklar oldida vahimaga tushish — bularning barchasi o‘lim surati oldida chekinadi va haqiqatdan ham muhim narsalarga o‘rin bo‘shatib beradi. Eslab qoling: o‘lim haqida boxabarligingiz — nimanidir yo‘qotayotganligingiz haqidagi fikrlardan xalos bo‘lishning eng yaxshi yo‘li sanaladi. Siz bu holatda endi hech vaqosiz yalang‘ochsiz, shu sababli o‘z qalbingizning ovoziga quloq tutmaslikdan boshqa ilojingiz yo‘q.

Bir yilcha muqaddam menda saraton xastaligini aniqlashdi. Men ertalab soat 7:30da fotosuratni oldim. U oshqozon osti bezimdagi o‘smani ochiq-oydin ko‘rsatib turardi. O‘sha vaqtda men oshqozon osti bezi nimaligini ham bilmasdim. Vrachlar bunday turdagi saratonni tuzatib bo‘lmasligini va ko‘pi bilan to‘rt-olti oy umrim qolganini aytishdi. Doktorim uyga borib, hamma yoqni tartibga keltirishimni — do‘xtirlar tili bilan aytganda «o‘limga tayyorgarlik ko‘rishim»ni — keyingi 10 yil ichida bolalarimga aytmoqchi bo‘lgan gaplarni keyingi oylar ichida gapirib olishni, oilam bilan vidolashish oson bo‘lishi uchun imkoni bo‘lgan barcha ishlar amalga oshirilganidan ko‘ngilni to‘q qilishni maslahat berdi.

Mening butun kunim shu tashxis bilan o‘tdi. Kechqurun mening ustimda biopsiya amalini bajarishdi: tomog‘im orqali endoskop kiritishdi, uni oshqozon va ichaklarim bo‘ylab yo‘naltirishdi, oshqozon osti bezimga nina sanchishdi va o‘simta hujayrasidan bir necha namuna olishdi. Men narkoz ostida edim, xotinimning aytishicha, hujayralarni mikroskop ostida ko‘rgan vrachlar yig‘lashgan, chunki bu oshqozon osti saratonining jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin bo‘lgan o‘ta noyob shakli ekan. Meni operasiya qilishdi va ayni paytda sog‘ligim joyida. Men o‘limga juda yaqinlashdim va umid qilamanki, keyingi bir necha o‘n yillar unga boshqa yaqinlashmayman.

Bularning barisini boshimdan kechirib, naqadar mushohadaga asoslangan bo‘lmasin, o‘sha — o‘limni eslash foydali bo‘lgan paytlarga nisbatan yuksakroq ishonch bilan aytishim mumkinki, hech kim o‘lishni istamas ekan! Arshi a’loga chiqishni xohlovchi insonlar ham o‘lishni istashmaydi. Yana bir narsa. O‘lim — barchamizning boshimizda bor sinoat. Hech kim undan qochib qutulolgan emas, shunday bo‘lishi ham kerak, chunki o‘lim — hayotning eng ajoyib ixtirosi, bu hayotdagi o‘zgarishlar vakili. U eski narsadan tozalab, yangisiga yo‘l ochadi. Hozir yangi narsa — bu sizsiz, biroq asta-sekin, vaqt o‘tishi bilan eskiga aylanasiz va sizdan ham qutulishadi. Dramatizm uchun afv etgaysiz, lekin bu ayni haqiqat. Sizning vaqtingiz chegaralangan, shu sababli uni begonayu o‘zgalarning hayoti bilan yashashga sarflay ko‘rmang. Boshqalarning fikri bilan yashashga majburlovchi dogmalar qopqoniga tushmang. O‘zga fikrlar shovqini o‘z ichki ovozingizni bosib tashlashiga yo‘l qo‘yib bermang. Va eng asosiysi — intuisiyangiz va qalbingiz amriga bo‘ysunish uchun o‘zingizda kuch topa oling. Ular qandaydir yo‘l bilan sizning haqiqatda kim bo‘lishingiz kerakligini juda yaxshi bilishadi. Qolgan barchasi ikkilamchi.

Yoshligimda «Butun ona Er katalogi»dek ajoyib kitob nashr etilardi va bu mening avlodim uchun o‘ziga xos muqaddas kitob edi. Uni Styuart Brand ismli yigit o‘ylab topgan. U kitobni nazmiy ko‘rinishda chop etgan edi. 60-yillar oxiri edi, shaxsiy kompyuterlar va noshirlik tizimlari hali mavjud emasdi, shu sababli kataloglar yozuv mashinkalari, qaychi va polaroidlar yordamida tayyorlanardi. Bu Google paydo bo‘lishidan 35 yil muqaddam qog‘ozdagi Google singari bir narsa edi. Idealistik, qulay yo‘riqnomalar bilan to‘ldirilgan va buyuk g‘oyalarga boy kitob.

Styuart va uning jamoasi «Butun ona Er katalogi»ning bir necha nomerlarini chiqarishdi, so‘ngra, ular uchun hammasi poyoniga eta boshlagach, yakuniy soni chiqdi. 70-yillar o‘rtalari edi, men siz hozir necha yoshda bo‘lsangiz shu yoshda edim. So‘nggi son muqovasining orqa qismida ular tonggi qishloq yo‘lining suratini joylashtirishgandi. Agar siz avtostopga qiziqsangiz, mana shunaqa yo‘llarda mashina ushlashga urinib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Fotosurat ostida tagso‘z bor edi: «Ochligingizcha qolavering. Qiziqqonligingizcha qolavering». Bu ularning xayrlashuv nomalari edi. Men har doim o‘zimga och va bemulohaza bo‘lib qolishni tilaganman. Endi esa siz o‘qishni tugatib, yangi hayot boshlashga tayyor bo‘lib turgan ekansiz, sizlarga ham mana shuni tilayman: ochligingizcha qoling, bemulohazaligingizcha qoling.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Stiv Jobs: «Izlaning va izlanishdan hech qachon to‘xtamang»