07:20 / 16.06.2017
8 407

"ZAGS" dalolatnomasisiz nikoh o‘qigan har qanday mulla jinoiy jazoga tortiladi

"ZAGS" dalolatnomasisiz nikoh o‘qigan har qanday mulla jinoiy jazoga tortiladi
Bugungi kunda turmush qurgan yoshlar orasida hayotni yengil-elpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib etmaslik holatlari, afsuski, uchrab turibdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyundagi videoselektor yig‘ilishida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

"Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko‘payib bormoqda. Begunoh bolalar etim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolmoqda.

Yana bir noxush holatni bugun afsus bilan aytmoqchiman: oilalarda nosog‘lom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin o‘rtasidagi janjallar, xotin-qizlarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga solmoqda.

Sizlar yaxshi bilasizlar, Qur’oni karimda “O‘zingizni nohaq o‘ldirmangiz” deb buyuriladi. Muborak hadislarda o‘z joniga qasd qilganlar hech qachon jannatga tushmasligi ham bayon qilinadi.

Shunga qaramasdan, ayollarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari barham topmayotgan ekan, biz avvalo buning sabablarini bartaraf etish haqida har tomonlama o‘ylashimiz, jumladan, aholimiz, ayollarimiz o‘rtasida dinimizning bu ko‘rsatmalarini tushuntirishimiz lozim, - dedi davlat rahbari.

Shu o‘rinda yana bir nozik masala bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi.

"Ba’zan hayotda "ZAGS", ya’ni, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan o‘tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi.

Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanida kundoshlik tufayli butun bir oila boshiga tushgan fojialarni juda ta’sirchan tasvirlab bergani nahotki saboq bo‘lmagan bo‘lsa?

Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi.

Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga etadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi.

Hurmatli imom-xatiblar, sizlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatni ko‘rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar’iy nikoh o‘qib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo olib kelayotganini loaqal tasavvur qilasizlarmi o‘zi?!", - deya savol bilan yuzlandi Prezident.

Shu o‘rinda hozirgi kunda hayotimizda avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

"Bu qonunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mullaga, agar u vallomat bo‘lsayam, jinoiy jazo berish ko‘zda tutiladi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "ZAGS" dalolatnomasisiz nikoh o‘qigan har qanday mulla jinoiy jazoga tortiladi